Shohimardon — “Oʻzbekiston Shveysariyasi”

10:21 23 Noyabr 2020 Welcome to uzbekistan
6016 0

Dilbar tabiati tufayli Fargʻona viloyatining anklav hududida joylashgan Shohimardon qishlogʻi “Oʻzbekiston Shveysariyasi”ga qiyoslanadi.

Shohimardon tabiati muzeyida besh yuzdan ortiq noyob eksponatlar saqlanadi. Qadimgi qoya-toshlarga oʻyib yozilgan bitiklar, 1900-yili fransuz sayyohi suratga olgan Hazrat Ali ziyoratgohining eski koʻrinishi, oʻtgan asrga oid otalar choyxonasi gurunglari, oilalardagi hayot tarzi bu tabarruk maskanning koʻhna tarixidan soʻzlayotgandek goʻyo. Qoya-toshlar saltanatidek oʻktam va magʻrur otalar, mehmonga muntazir sharqona hovlilar fayzi boʻlgan munisa onalar, zarif qoʻshiqlar kuylab oqadigan zilol soylari, ikki yuzi qirmizi olma, kipriklari suv oʻtidek uzun-uzun qizlar, polvon yigitlar asrlarni qaritgan bu ikki qishloqda hayot davomiyligini taʼminlab kelmoqdalar.

Osmoni ochiq, keng joylarda yashaydigan odamlarning feʼli ham keng boʻladi. Havosi xuddi novvot choyga oʻxshaydi, xoʻplab, sipqorib toʻymaysiz. Shohimardon va Yordon ana shunday moʻtabar, jannatmakon diyor.

Shohimardon MFY raisi Ikromjon Abduxoliqovning maʼlum qilishicha, hozirda hududdagi 897 ta oilada 3700 nafar aholi istiqomat qiladi.

— Bizning sharoitda hamisha davlatimizning mehri va eʼtiborini his etib yashash juda muhim, — deydi u. — Prezidentimizning yuksak gʻamxoʻrligi bizga ertangi kun istiqboli uchun kuch-quvvat baxsh etadi. Yaqinda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kelib samimiy hol-ahvol soʻradi, baʼzi muammo va qiyinchiliklarni ijobiy yechimini topish borasida qalbimizga taskin-tasalli berdi.

Dugoba, Oynakoʻl, Qiziltogʻ, Shalang, Xuvjin togʻ tizmalari Hazrat Ali ziyoratgohi, Yordon qishlogʻiga olib borishdagi yoʻllarda yurt himoyasiga saflangan askarlardek mudom sergak va magʻrur. Oʻz vaqtida dushman hujumi, bugun jala va shamol kabi tabiat ofatlaridan asrovchi gʻorlar, oq suv va koʻk suvning qoʻshilish joyi, 1998-yilgi sel toshqinidan soʻng oʻzani mustahkamlangan soylar, bularning barchasi insonga rohat baxsh etuvchi manzaralardir.

Ayni paytda Yordon MFYda 750 ta oilada qariyb 3 ming aholi istiqomat qiladi. Yordonliklar asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan mashgʻul.

— Kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratishda muammo yoʻq, — deydi “Yordon Hasanboy Rasul zamin” sabzavotchilik fermer xoʻjaligi rahbari Muzaffar Rasulov. — Bu yil 10 gektar yerda turli sabzavotlar yetishtirildi. 80 tonna meva-sabzavot saqlash quvvatiga ega omborxonamiz bor. Narx-navo barqarorligini taʼminlash uchun 50 tonna kartoshkani qish-bahor mavsumi uchun saqlab qoʻyganmiz.

Albatta, bu yerlarda dehqonchilik qilishning oʻzi boʻlmaydi. Togʻ-adir yerlarda texnikadan toʻliq foydalanishning iloji yoʻq. Shu bois hali ham yerlar omoch bilan haydaladi. Yordonliklar har bahor suv moʻl boʻlishi, ob-havo dehqonchilik uchun qulay kelishi umidida yerga urugʻ sochadi, astoydil mehnat qiladi, yaxshi hosil olishni rejalashtiradi.

Yordon togʻlariga yoqqan oppoq qor zumrad qish nafasini olib keldi. Ammo bu qishloq ahli uchun bekorchilik mavsumi degani emas. Yordon mahallalarida bolakaylar chorva podasini u yoqqan – bu yoqqa haydaydi, hunarmand ustalar yangi uylar quradi, tomorqalarda hosilni yigʻib-terib olish ishlari bir zum ham toʻxtamaydi.

Bu — Shohimardon va Yordonning bir kungi maroqli taassurotlari edi.

Botir MADIYOROV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер