Shoh va shoirga ehtirom

12:43 16 Fevral 2026 Jamiyat
243 0

Andijon shahrida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543-yilligi munosabati bilan keng koʻlamli tadbir oʻtkazildi. U odatdagidek rasmiy yigʻilishlar bilan cheklanib qolmadi. Bayram tadbiri shahar aholisi, yoshlar va mehmonlar ishtirokidagi haqiqiy xalq sayliga aylandi.

Tadbirlar Bobur nomi bilan ataluvchi madaniyat va istirohat bogʻidagi haykal poyiga guldastalar qoʻyishdan boshlandi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taʼlim muassasalari jamoalari shu yerga jam boʻldilar. Shundan soʻng ishtirokchilar Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzeyga tashrif buyurib, u yerdagi ramziy qabrni ziyorat qildilar. Muzeyda saqlanayotgan eksponatlar orqali shoh va shoirning hayot yoʻli va merosi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Bu yilgi bayramning asosiy jihati uning ommaviy tus olganida boʻldi. Bogʻ hududida savdo yarmarkalari, kitoblar va yosh musavvirlar ijodiy ishlari koʻrgazmalari tashkil etildi. Viloyat teatrlari sanʼatkorlari tomonidan Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi, badiiy jamoalar konsert dasturlari bilan qatnashdi. Shuningdek, rassomlar shu joyning oʻzida Bobur mavzusida asarlar yaratib, ijod jarayonini amalda koʻrsatdilar.

Barcha korxona va tashkilotlar, taʼlim muassasalari vakillari ishtirokida “Boburxonlik kechasi” oʻtkazildi. Unda qatnashchilar Bobur gʻazallaridan misralar oʻqidilar, ruboiylardan namunalar aytishdi. Ayniqsa, talabalar va ijod maktablari oʻquvchilarining chiqishlari tadbirga mazmun bagʻishladi. Gʻazalxonlik oʻziga xos bellashuv tarzida tashkil etildi.

-Bobur nafaqat shoir va davlat arbobi, balki jahon tarixida oʻz izini qoldirgan shaxsdir,-deydi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi direktori Xolidaxon Shamsiyeva. — Uning hayot yoʻli va asarlari bugungi yoshlar uchun muhim manba hisoblanadi. Bobur merosini oʻrganish va targʻib qilish ishlarini qancha koʻpaytirsak, shuncha yaxshi. Chunki uning tajribasi va qarashlari keyingi avlod uchun ham ahamiyatli.

Bayram nafaqat xotira tadbiri, balki ijod va maʼrifat maydoniga aylandi.

Saminjon HUSANOV, ”Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер