Shifobaxsh “Xoʻjaikon” tuz gʻori
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryoning yana bir noyob va goʻzal boyligi bu “Xoʻjaikon” tuz gʻoridir. U Sherobod tumanidagi Oqtoshota qishlogʻi — Koʻhitang togʻ tizmalari yetaklarida, dengiz sathidan 1200 metr balandlikda, janubi-sharqiy yonbagʻirda joylashgan. Tabiatning betakror inʼomi boʻlgan bu gʻor oʻzining gʻaroyib koʻrinishi, tuzdan hosil boʻlgan noyob shakllari va musaffo havosi bilan sayyohlarni maftun etadi. “Xoʻjaikon” gʻori geologik moʻjiza. Uzunligi 200 metrni tashkil etadigan gʻor devorlari uch santimetrgacha tuz qatlami bilan qoplangan. Ichki yoʻlakchasida tuz eritmali shifobaxsh suv mavjud. Gʻor ichkarisidagi beshta xona harorati, namligi, bosimi, tuzdagi makro va mikro elementlarida keskin farq qilishi haqiqiy moʻjiza. Yozning chillasida ham xonalardagi harorat 14 — 25 darajagacha iliqlikni tashkil etadi.

Mutaxassislarning aytishicha, gʻordagi muhit yuqori nafas olish aʼzolari, jumladan, yurak qon tomir tizimi kasalliklarining 1-2 bosqichlari, endokrin tizimi kassaliklari, ayniqsa, zob-boʻqoq kasalliklariga shifo. Qon bosimini meʼyorlashtirib, bronxit, astma, yosh bolalarda surunkali laringit, katta va kichik yoshdagi rinit, polinoz, zotiljam, pnevmoniya, oʻpkaning shamollashi, asab sistemasi kasalliklarini samarali davolaydi. Shoʻr suvi stomatit, laringit, rinit, polinoz, allergik dermatit, parodontoz, teri kassaliklarini davolashga yordam beradi.

“Xoʻjaikon” tuz gʻori tabiat qoʻynida tinchlik va huzur izlaganlar uchun ajoyib manzil. Bu yerda sogʻligingizni tiklaysiz, bir zum boʻlsada, dunyo tashvishlaridan uzilib miriqib dam olasiz. Tabiat moʻjizasidan estetik zavq olasiz.
— Har yili mehnat taʼtiliga chiqishim bilan tuz gʻoriga kelib, bir hafta davomida dam olishni anʼanaga aylantirganman, — deydi Toir Abdullayev. — Bu yerdagi muhit haqiqiy moʻjiza. Havosi toza, shifobaxsh — toʻyib nafas olasiz, xuddi qushdek yengillashasiz. Bir necha kunlik dam olishning oʻzi badanga kuch-gʻayrat bagʻishlaydi, ruhiyatni tinchlantiradi.

Tuz gʻorida bemorlar, dam oluvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Malakali shifokorlar doimiy ravishda kuzatuvda boʻlib, turli muolajalarni oʻtkazadi. Foydali maslahatlar berib boradi.
— Bu yerdagi davolash muolajalaridan foyda koʻrganman, — deydi Barchinoy Panjiyeva. — Birinchi marta kelganimda tanamdagi ogʻriqlar, asabiylik va doimiy charchoqdan qutulishni istaganman. Muolajalar va shifobaxsh muhit taʼsirida tanam yengillashdi. Oʻzimni ancha yaxshi his qildim. Havosidagi tuz zarrachalari nafas yoʻllarini tozalaydi. Ichki aʼzolar faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun barcha yurtdoshlarimga, xususan, doimiy charchoqdan, nafas yoʻllari xastaliklari yoki stressdan aziyat chekayotganlarga ushbu moʻjizaviy joyga bir marta tashrif buyurishini tavsiya qilaman.

“Xoʻjaikon” tuz gʻori nafaqat tabiatning noyob moʻjizasi, balki yurtimizning tarixiy va madaniy boyliklaridan biri sifatida ham eʼtirof etilgan. Ushbu gʻorni asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida 2019-yil 4-oktyabrda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. Bu qaror orqali “Xoʻjaikon” rasman davlat muhofazasiga olindi. Milliy boyligimiz sifatida eʼtirof etildi.

“Xoʻjaikon” tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun juda qulay hudud. Mamlakatimiz iqtisodiyotining ajralmas qismidir. Ushbu tuz koni ilk bor 1987-yilda ochilgan boʻlib, 1989-yildan boshlab unda tuz ishlab chiqarish ishlari boshlangan. Bugungi kunda “Xoʻjaikon tuz koni” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 25 milliard soʻmlik yodlangan osh tuzi qadoqlash korxonasi samarali faoliyat yuritmoqda. Bu korxona orqali nafaqat sifatli mahsulot bozorga chiqarilmoqda, balki yuzlab insonlarni ish bilan taʼminlanib, mahalliy iqtisodiyotga salmoqli hissa qoʻshilmoqda. Ayni paytda mahalliy tadbirkorlar bu yerdagi tuz toshidan turli zeb berilgan tungi chiroqlar yasashni ham yoʻlga qoʻygan. Suvenir shaklidagi bu mahsulot yoqib qoʻyilsa, tarkibida tabiiy yod mavjud tuz toshi qizib, oʻzidan tarqatadigan ion yordamida nafas yoʻli kasalliklarini davolaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring