Shifo va eʼtibor – hammasi bir joyda

19:44 26 Noyabr 2025 Jamiyat
132 0

Mehnat faxriysi Nizomiddin Fozilov tabiatan xushchaqchaq, koʻnglida kiri yoʻq inson. Mahalla faoli. Hamqishloqlaridan yordami, maslahatini ayamaydi. Oʻzi istiqomat qilayotgan qadimiy Soktari qishlogʻining oʻtmishi, bu yerda yashab oʻtgan ulugʻlar haqida soʻz ketsa, uning oldiga tushadigani yoʻq. Ayniqsa, oʻzbek va tojik adabiyotining zabardast vakili Sadriddin Ayniydan gap ochilsa ogʻzidan bol tomadi. Adibning uy – muzeyiga kunora kirmasa koʻngli joyiga tushmaydi. Salomatligini surishtirganingizda esa...

– Qand kasalligi bezovta qilib turmaganini aytmasa hammasi joyida, – deydi u. – Shukr, oilaviy poliklinikamiz shifokorlari holimizdan tez-tez xabar olib turishadi. Patronaj hamshiralar xushmuomala, dori-darmonni uyga beminnat yetkazishmoqda. Shifokorning bir ogʻiz shirin soʻzi ham dardga davo. Yaqinda tibbiy maskanimiz yangi zamonaviy binoda ish boshladi. Koʻp yillik orzumiz ushaldi. Bu aholining viloyat hokimligiga qilgan murojaatidan soʻng roʻyobga chiqdi. Mahallamiz aholisi qatori biz, keksalar ham benihoya xursandmiz.

Soktariliklarning aytishlaricha, 9 – sonli mazkur poliklinikaning avvalgi binosi bundan 69-yil muqaddam qurilgan. Eskirgan, pastqam xonalarda ishlash, bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish noqulayliklarni yuzaga keltirayotgandi. Xonalar yetishmasdi. Ilojsizlikdan EKG va UZIni bir xonada joylashtirishga majbur boʻlishgandi. Vaholanki, bu oilaviy poliklinika oz emas, koʻp emas, 18 mingdan ziyod aholiga xizmat koʻrsatadi.

– Chindan ham avval maskanimizda shart-sharoitlar talab darajasida emas edi, – deydi oilaviy poliklinika mudiri Joʻrabek Sharipov. – Uch milliard soʻm miqdoridagi ssuda mablagʻlari evaziga qoʻsh qavatli qilib qurilgan yangi bino 24 ta xonadan iborat. Keng va yorugʻ. Zamonaviy isitish tizimiga ega. Ilgari bemorlarimiz dori-darmon uchun 4 kilometr yoʻl bosib qoʻshni qishloqqa borishardi. Endilikda bunga hojat yoʻq. Negaki, poliklinikamiz huzurida ijtimoiy dorixona faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Qolaversa, maskanimiz uchun doimiy ishlovchi pediatr, akusher – ginekolog shtatlari ajratildi.

Eʼtiborlisi, 9 – oilaviy poliklinika keyingi oylarda yangi binoda ish boshlagan tumandagi uchinchi shifo maskanidir. Bunga qadar aholi tigʻiz yashovchi Gajdumak aholi punktida ham oilaviy poliklinikaning zamonaviy binosi qurilib foydalanishga topshirilgandi. 100 qatnovga moʻljallangan bu shifo maskanida ham bemorlarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, soha xodimlarining oʻz vazifalarini risoladagidek bajarishlari uchun zarur barcha qulayliklar yaratilgan. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, tumandagi 2 – son oilaviy poliklinika ham zamonaviy binoda faoliyat yuritishga kirishdi.

– Yurtimizda tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar natijasidir, – deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Elyor Oltiyev. – Yangi binolar, ularning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanayotgani, davolash – profilaktika maskanlarida “elektron poliklinika” axborot tizimining joriy etilgani qabul imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Oʻz navbatida, shifokorlarimiz zimmasidagi masʼuliyat ham oshayapti. Bularning bari pirovardida kasalliklarni erta aniqlash, odamlar tashvishini yengillashtirish, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilishga shart-sharoit yaratmoqda.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер