SHHT davlatlari ommaviy axborot vositalari hamkorlik forumi boshlandi

17:18 23 May 2025 Siyosat
238 0

Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahridan “Xalq soʻzi“ maxsus muxbiri Dilshod KARIMOV xabar qiladi.

Xitoyning Urumchi shahrida “Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari ommaviy axborot vositalari hamkorlik forumi — 2025” tashkil etildi.

“Jenmin jibao” gazetasi hamda Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan-uygʻur avtonom viloyati Xalq hukumati hamkorligida oʻtkazilayotgan tadbirda SHHTga aʼzo davlatlar, kuzatuvchi maqomidagi va muloqot sheriklari hisoblangan 26 mamlakatdan 300 dan ortiq jurnalistlar, biznes vakillari, rasmiy shaxslar hamda mutaxassislar qatnashmoqda.

“Hamkorlikda goʻzal maskan, birgalikda farovon kelajak qurmoqdamiz” shiori ostida boʻlib oʻtayotgan forumning ochilish marosimida SHHT Bosh kotibining oʻrinbosari Suhayl Xon, “Jenmin jibao” gazetasi bosh direktori Yuy Shaolyan, Qozogʻiston Madaniyat va axborot vazirligi Axborot qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Alisher Mukajan, “Kabar” Qirgʻiziston Milliy axborot agentligi direktori Mederbek Shermetaliyev, Tojikistondagi “Aziya-Plyus” media-guruhi bosh muharriri Umed Babaxonov va boshqalar 2001-yilda tashkil topganidan buyon SHHT oʻzaro ishonch, manfaatdorlik, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikka hurmat va hamkorlikda rivojlanish tamoyillariga, yaʼni “Shanxay ruhi”ga sodiq qolayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, Oliy Majlis Senati aʼzosi Abdusaid Koʻchimov oʻz soʻzida dunyo miqyosida nufuzi tobora oshib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining faoliyati jahon hamjamiyati tomonidan muntazam eʼtirof etilayotganini qayd etdi. Oʻzbekiston SHHTga aʼzo davlatlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, hamjihatlikda umumiy makonimizda barqarorlikka erishish, taraqqiyotni taʼminlashni tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.

Tashkilot tomonidan erishilayotgan muvaffaqiyatlarda bu yilgi Raislik doirasida Xitoy Xalq Respublikasining izchil saʼy-harakatlari, shu bilan birga, barcha aʼzo hamda ishtirokchi davlatlarning xizmatini yana bir bor taʼkidlash oʻrinli. Ayni jarayonning uzviy davomi sifatida oʻtkazilayotgan mazkur forumning dolzarbligi va ahamiyati yuqori.

Darhaqiqat, SHHT aʼzo davlatlarning asosiy manfaatlari va muhim masalalarini qatʼiy qoʻllab-quvvatlab, ularning taraqqiyoti va farovonligida ishonchli hamkorga aylandi.

Tuzilma “Insoniyat yagona taqdirga ega jamiyat” konsepsiyasi asosida qator yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, mamlakatlar oʻrtasida siyosiy ishonchni chuqurlashtirish, iqtisodiy integratsiyani kengaytirishda salmoqli natijalar qoʻlga kiritilmoqda. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik izchil mustahkamlanyapti. Madaniy-gumanitar almashinuvlar tobora faollashib boryapti.

Tashkilot oldiga qoʻyilgan vazifalarni samarali ado etishi, “Shanxay ruhi”ni yanada mustahkamlash va targʻib qilish, hozirgi globallashuv zamonida axborot tahdidlariga birgalikda qarshi turishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni muhim.

Forum ishtirokchilari SHHT mamlakatlari ommaviy axborot vositalari jahon media sohasidagi transformatsiyani tahlil qilishi, yangi imkoniyatlarni aniqlash uchun innovatsion yondashuvlardan foydalanishi va oʻz kasbiy burchini hamkorlikda ado etishi lozimligini taʼkidladi. Haqqoniy va xolis yoritish orqali SHHT doirasidagi hamkorlikning maqsad va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ijobiy axborot muhitini shakllantirish zarurligi qayd etildi. Ayniqsa, tashkilot yutuqlarini targʻib etish, “Shanxay ruhi”ni keng yoyish va xalqlar oʻrtasida oʻzaro tushunishni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratish lozim.

— Voqealar rivoji shiddatli tus olgan hozirgi dunyoda hamkorlik va hamjihatlik gʻoyat ulkan ahamiyat kasb etmoqda, — deydi Qirgʻizistondagi “Erkin-Too” gazetasi boʻlim boshligʻi Zulpukar Sapanov. — SHHT doirasi amalga oshirilayotgan ishlar ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Tuzilmaga aʼzo mamlakatlar jurnalistlarini bir joyga jamlagan, baland ruhda, qizgʻin muhokamalar va munozaralarga boy oʻtayotgan ushbu forum oʻzaro doʻstlikni yanada mustahkamlash va tajriba almashishda muhim platformaga aylandi.

Forumning ochilish marosimida “Umumiy uy — SHHT davlatlari taraqqiyoti haqida jamoatchilik fikri” nomli tahliliy hisobot taqdim etildi.

OAV vakillari konferensiyasi doirasida SHHT davlatlari OAV oʻrtasida videokontent almashinuvi va targʻiboti masalalari muhokama qilindi.

Forum dasturidan yoshlar uchun xalqaro madaniy loyiha taqdimoti, tibbiyot, taʼlim, ishlab chiqarish muassasalari hamda diqqatga sazovor maskanlarga sayohatlar oʻrin olgan.

Forum yakunlaridan soʻng Xitoy va xorijiy OAV vakillari Sinszyan haqida tematik reportaj tayyorlaydi.

Forum shu yilning 27-mayiga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер