Shavkat Mirziyoyev yangi qarorni imzoladi

11:52 26 Noyabr 2020 Hujjatlar
1240 0

Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidentining "Jahon bankining xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

Qishloq aholi punktlarining meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2020-yil 17-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan 100 million AQSH dollari miqdorida hamda 2020-yil 28-mayda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan 82 million AQSH dollari miqdorida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi boʻyicha 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga qarz (kredit) bitimlari imzolangani;

loyihani amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining ulushi 1,6 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻni tashkil etayotganligi;

loyiha Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdan nisbatan ortda qolayotgan 21 ta tumanida amalga oshirilishi;

loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2020 — 2024-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, Uyushma va Bank kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi barcha tashkilotlar loyiha boʻyicha imzolangan qarz (kredit) bitimlarida koʻrsatilgan mexanizmlar talablariga amal qiladi;

loyihani amalga oshirish doirasida Uyushma va Bank kreditlarini qaytarish, shuningdek, ular boʻyicha hisoblangan foizlar, xizmat koʻrsatganlik uchun haq va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

3. Quyidagilar:

“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kreditlarining asosiy qarzini, unga hisoblangan foizlarni va boshqa toʻlovlarni qaytarish prognoz jadvali 2 va 3-ilovalarga muvofiq;

Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida mablagʻlardan foydalanish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, qonunchilikka muvofiq xalqaro moliya institutlarining qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida:

agarda ushbu loyihalar xalqaro va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari tomonidan 2020-yil 1-iyulga qadar maʼqullangan blsa, yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmaga qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi solinmaydi;

mazkur qarz mablagʻlari hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona boji toʻlashdan ozod etiladi;

ushbu imtiyozlar natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.

5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.J.Ortiqov) Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R.T.Mamatov) bilan birgalikda loyiha doirasida aholi orasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqishda doimiy oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

6. Belgilansinki, loyiha doirasida:

har bir viloyat boʻyicha qishloqlar aniqlangandan soʻng, har bir viloyatning tegishli subloyihalar boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlari yuzasidan belgilangan tartibda loyihaning texnik-iqtisodiy hisoblari ishlab chiqiladi va ekspertiza organlarida belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi;

Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmachi hisoblanadi;

loyihani amalga oshirish guruhi bilan “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik kelishuvlari imzolanadi.

7. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha roʻyxatga qoʻyilishi va muddati uzaytirilishini tez fursatlarda taʼminlasin.

8. Hisob palatasi (B.T.Turabov) loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

9. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E.Burxanov) loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

10. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:

a) Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov:

bir hafta muddatda masʼul ijrochilar ishtirokida majlis oʻtkazib, ularning aniq vazifalarini belgilab bersin;

ikki hafta muddatda Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda loyiha doirasida mablagʻlardan foydalanish boʻyicha hududlar kesimida “Yl xarita”larini ishlab chiqsin;

tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda loyihani amalga oshirishga masʼul boʻlgan mutaxassislar malakasini oshirish uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda oʻquv-treninglar tashkil qilsin;

moliyalashtirilgan subloyihalar toʻgʻrisida, shuningdek, ularning sifatli amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni byicha Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin;

“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish guruhining tuzilmasini tasdiqlasin va faoliyatini yoʻlga qoʻysin;

tijorat bankida alohida hisobvaraqlariga ega boʻlgan loyihani amalga oshirish boʻyicha bosh guruhni Toshkent shahrida, shuningdek, Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlari uchun Namangan shahrida va Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlari uchun Jizzax shahrida loyihani amalga oshirish boʻyicha hududlararo guruhlarni tashkil etsin;

loyihani amalga oshirish davrida loyihani amalga oshirish guruhini moliyalashtirish boʻyicha xarajatlarni Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin.

Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorovga Jahon bankining ijtimoiy va ekologik himoyalash hamda koʻchirish siyosati tamoyillarini hisobga olgan holda loyiha komponentlarini amalga oshirish va moliyalashtirish jadvaliga hamda mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan ilovalarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin;

b) Fargʻona (X.X.Bozarov), Andijon (Sh.K.Abduraxmanov), Namangan (Sh.Sh.Abdurazakov), Sirdaryo (Gʻ. Gʻ.Mirzayev) va Jizzax (E.A.Saliyev) viloyatlari hokimliklari loyihani toʻla-toʻkis amalga oshirish uchun barcha zarur hujjatlar sifatli ishlab chiqilishini va loyihani amalga oshirish guruhlariga oʻz vaqtida yetkazilishini belgilangan tartibda taʼminlasinlar.

11. Fargʻona (X.X.Bozarov), Andijon (Sh.K.Abduraxmanov), Namangan (Sh.Sh.Abdurazakov), Sirdaryo (Mirzayev) va Jizzax (E.A.Saliyev) viloyatlari hokimliklari qishloqlarni kompleks rivojlantirish uchun loyiha doirasida moliyalashtiriladigan obyektlardan tashqari amalga oshiriladigan tadbirlarni batafsil rejalashtirish loyihalari asosida mahalliy byudjet va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshirsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyun va 2021-yil 15-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

zbekiston Respublikasi

     Prezidenti      Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2020-yil 25-noyabr

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?