Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

21:53 14 May 2025 Siyosat
212 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-dekabrdagi qarori bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi tasdiqlangan edi. Bosh rejaga koʻra, poytaxtimiz hududi 3 ta – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan.

Jumladan, renovatsiya zonasiga eski, kam qavatli uylar, shaharsozlik va zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan binolar kiritilgan. Ular bosqichma-bosqich bartaraf etilib, boʻshatilgan hudud zamonaviy loyihalar asosida qaytadan qurilishi koʻzda tutilgan.

Taqdimotda shu boradagi rejalar haqida axborot berildi.

Qayd etilganidek, Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan. 2025-2026-yillarga moʻljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlar funsional jihatdan boyitiladi, aholi uchun sharoitlar yaxshilanadi, atrof obodonlashtiriladi. Natijada eski va zamonaviy mavzelar orasidagi tafovut bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi hamda ular oʻzaro uygʻunlashtiriladi. Binolar kam maydonda qurilib, mavjud daraxtlar saqlab qolinadi, yangi yashil hududlar barpo etiladi.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarning shahar arxitekturasi va infratuzilmasiga mosligini chuqur oʻrganish, geologik va seysmik tahlillar asosida xavfsizlik jihatidan takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Turar joylar maktab-bogʻcha kabi ijtimoiy muassasalar, dam olish sharoitlari bilan hamohang boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Shaharning “oʻpkasi” daraxtzorlar boʻlsa, ariq va kanallar uning “qon tomiri”. Prezidentimiz koʻrsatmasi bilan, yangi bosh rejada bu masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlarni 3 karra koʻpaytirib, 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan. Bu, oʻz navbatida, suv yoʻllarini yaxshilashni talab etadi.

Taqdimotda shahar irrigatsiya va drenaj tarmoqlarining yangi bosh reja bilan uygʻunlashtirilgan tizimi ham koʻrib chiqildi.

Unga koʻra, 2030-yilgacha 100 kilometr kanallar rekonstruksiya qilinib, atrofida sayilgohlar tashkil etiladi.

Turkiyaning “Su-yapi engineering and consulting” kompaniyasi bilan birga drenaj tarmoqlaridagi muammolar oʻrganilgan. Aerofoto, geodeziya va yogʻingarchilik tahlili asosida bu tarmoqlarni yangilash boʻyicha master-reja ishlab chiqilgan. Oʻtgan yili 45 ta suv toshqini hududlari bartaraf etilgan. Bu yil yana 34 ta joyda shunday ishlar bajariladi.

Prezidentimiz bu ishlarni davom ettirib, qamrovini yanada oshirish, shu yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlash zarurligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbariga Toshkent shahrida investitsiya loyihalarining holati haqida ham axborot berildi.

Poytaxtimizda umumiy qiymati 25 milliard dollarlik 717 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Joriy yilda shundan 7 milliard 500 million dollari oʻzlashtirilib, 265 ta loyiha ishga tushirilishi koʻzda tutilgan. Bularning natijasida turar joylar, savdo va koʻngilochar majmualar qurilib, sanoat korxonalari tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер