Shavkat Mirziyoyev seysmik xavfsizlikni kuchaytirish chora-tadbirlariga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni seysmik xavfsizlikni kuchaytirish chora-tadbirlariga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami keng. 2017-yildan buyon joylarda 11 ming 410 ta koʻp qavatli uylar qurilgan. Bu aholini turar joy bilan yetarlicha taʼminlash, turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Qurilishning asoslaridan biri boʻlgan seysmologiya sohasi ham rivojlantirilmoqda. Bu borada xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilib, innovatsion texnologiyalarni tatbiq etishga eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, davlatimiz koʻp jabhalarda tashabbuskor hamdir.
Maʼlumki, 1966-yil 26-aprelda Toshkent shahrida vayronkor zilzila sodir boʻlgan. Oʻzbekiston Prezidenti zilzila qurbonlariga hurmat koʻrsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini taʼsis etish tashabbusini ilgari surgan edi. Buning eʼtirofi oʻlaroq, yaqinda BMT Bosh Assambleyasi 29-aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni, deb eʼlon qilish toʻgʻrisida rezolyutsiya qabul qildi.
Bu sohada xalqaro standartlarga mos boʻlish uchun davlatimiz rahbari yangi qurilayotgan uylarning sifatiga eʼtiborni kuchaytirish vazifasini qoʻygan edi. Shunga muvofiq, koʻp qavatli uylarning zilzilaga bardoshliligini oshirish va aholining seysmik xavfsizligini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Jumladan, davlat loyiha institutlari mutaxassislari ishtirokida joylarda oʻrganishlar oʻtkazildi. Ushbu oʻrganish natijalari va hududlarning seysmik holati tahlili asosida bu tizimni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Unga koʻra, xorijiy mutaxassislar jalb qilingan holda, binolarni oʻrganish boʻyicha yangi amaliyot yoʻlga qoʻyiladi. Zilzilaga va boshqa tabiiy ofatlarga bardoshli uylarni qurish boʻyicha tajriba almashish kengaytiriladi. Binolar instrumental texnik tekshiruvdan oʻtkazilib, kamchiliklar bartaraf etiladi.
Ushbu oʻrganishlar va xorijiy tajriba asosida, seysmik xavfni, taʼsirni va xatarni baholash yuzasidan meʼyoriy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritiladi.
Davlatimiz rahbari qurilishda sifat va xavfsizlik birinchi oʻrinda ekanini taʼkidlab, bu yoʻnalishlarni ilmiy rivojlantirish, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring