Shavkat Mirziyoyev koʻp millatli Oʻzbekiston xalqini Istiqlol bayrami bilan tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” bogʻida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 34-yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtmoqda. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlamoqda.
Davlatimiz rahbari koʻp millatli xalqimizni, xorijdagi vatandoshlarimizni Istiqlol bayrami bilan tabrikladi.
“Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi asosida boshlagan ulkan islohotlarimiz tufayli mustaqillik bergan huquq va erkinliklarni har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida chuqur his qilib, bu imkoniyatlardan keng foydalanmoqda.
Aynan ana shu ulugʻvor gʻoya asosida biz uch ming yillik boy tarix va madaniyatimizni qaytadan idrok etdik.
Yurtimiz zaminidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans anʼanalarini rivojlantirib, Uchinchi Renessans sari dadil amaliy qadamlar qoʻymoqdamiz.
Ishonchim komil, bu yoʻlda Yangi Oʻzbekiston davlati, Yangi Oʻzbekiston jamiyati buyuk tariximizni yangi, yanada yuksak Uygʻonish davri bilan bogʻlaydigan mustahkam koʻprik boʻlib xizmat qiladi.
Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan ezgu tamoyilga asoslangan Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi amalda qudratli harakatga aylandi.
Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, iqtisodiyotimiz 6 foizdan yuqori surʼatlarda barqaror oʻsayotgani xalqimiz oʻzi tanlagan yoʻldan dadil borayotganini koʻrsatmoqda.
Yurtimiz aholisi yiliga oʻrtacha 700-800 mingga koʻpaymoqda. Mehnat bozoriga har yili 500-600 ming yosh kirib kelmoqda.
Buncha odamni oʻqitish, kasb-hunarli qilish, ularga ish topish oʻz-oʻzidan boʻlib qolmaydi. Buning uchun, muntazam ishlaydigan tizim, kafolatli investitsiya va infratuzilma kerak.
Shuni oldindan chuqur oʻylab, biz bu yoʻnalishda aniq dasturlarni qabul qildik”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlik iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi, oldinga boshlovchi katta kuchga aylanganini taʼkidladi.
Keyingi sakkiz yilda yalpi ichki mahsulotimiz 2 karra oshib, oʻtgan yili 115 milliard dollarga, eksport hajmi 26 milliard dollarga yetdi. Yil yakuni bilan yalpi ichki mahsulotimiz 130 milliard dollar boʻladi.
Oltin-valyuta zaxiralarimiz tariximizda ilk bor 48 milliard dollardan oshdi. Oʻtgan sakkiz yilda yurtimizga qariyb 130 milliard dollar xorijiy investitsiyalar kirib keldi.
Bularning barchasi islohotlar samarasi, taraqqiyotimizning mustahkam kafolati, nufuzli moliya institutlari va xorijiy kompaniyalarning yuksak ishonchi tufaylidir.
“Xalqimizning koʻz oʻngida minglab zamonaviy korxonalar, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma obyektlari qad rostlamoqda.
Eʼtibor bering, bu yil jami 35 milliard dollar investitsiya evaziga 9 mingga yaqin yangi korxona, xizmat koʻrsatish majmualari barpo etiladi.
Eng ulugʻ bayramimiz arafasida 4 milliard dollarlik 79 ta yirik obyekt ishga tushirildi.
Oʻtgan davrda birgina kichik va oʻrta tadbirkorlar soni 2 karra koʻpaydi. Bugun ushbu tarmoqda 10 milliondan ortiq aholimiz mehnat qilib, daromad topmoqda.
Biz yil boshida 5,5 million aholi bandligini taʼminlash boʻyicha katta marra olgan edik. Sakkiz oydayoq 5 millionlik rejani uddaladik.
Eng muhimi, islohotlarimizga ishonib, shu yilning oʻzida chetda ishlayotgan 700 ming fuqaromiz yurtimizga, oʻz oilasi bagʻriga qaytdi”, dedi davlat rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring