Shavkat Mirziyoyev: Ilm boʻlmasa, laboratoriya boʻlmasa, qanday qilib raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkin?!

13:08 12 May 2021 Siyosat
642 0

Prezident raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun eksport hajmini yana-da oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Muxbirimiz xabariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sardor Umrzoqovga tarmoq va hududlar rahbarlari bilan birga birinchi yarim yillikda eksport hajmini 5,2 milliard dollarga yetkazishni taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.

Bunda Bosh vazir oʻrinbosari Sh.Gʻaniyev, qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xoʻjayev viloyat hokimlari bilan birga, yanvar-aprel oylarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti boʻyicha bajarilmagan 169 million dollar oʻrnini ikkinchi chorakda toʻliq qoplashi kerak.

«Oʻzstandart» agentligi va «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasiga may-iyun oylarida kamida 10 ta toʻqimachilik korxonasida “Oeko-Tex” standartlarini joriy etib, yil yakuniga qadar standartlarni 50 taga yetkazish kerakligi taʼkidlandi.

Davlat rahbari mahsulotlar ishlab chiqarishda standartlar yoʻqligi, laboratoriyalar ishlamayotganini tanqid qildi.

— Standartsiz bironta tarmoq, korxona jahon bozorida raqobat qila olmaydi. Ilm boʻlmasa, laboratoriya boʻlmasa, qanday qilib raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkin?! Tovar jahon standartiga javob bersagina eksportga chiqishi mumkin, — dedi Prezident.

Mutasaddilarga ikki oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “BSI”, “SiE”, “Global G.A.P” kabi xalqaro standartlar boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqib, mahalliy korxonalar mutaxassislarini joylarda oʻqishini tashkil qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?