Shavkat Mirziyoyev “Euronews” nashriga intervyu berdi

18:51 01 Aprel 2025 Siyosat
385 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

Samarqanddagi “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oldidan «Euronews»ga bergan intervyusi

– Keyingi yillarda dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda: geosiyosiy beqarorlik, iqtisodiy xatarlarning oʻsishi, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolar – bularning barchasi xalqaro hamkorlikning yangi formatlarini taqozo etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan qaralganda, Samarqand shahridagi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti mintaqalarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda burilish nuqtasi sifatida koʻrinmoqda. Nima uchun aynan shu payt oʻzaro hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda?

– Mintaqalarimizni chuqur tarixiy ildizlar, bir-biriga mos manfaatlar va yaqin sheriklikka obyektiv intilish bogʻlab turadi. Bugungi kunda biz Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning qariyb oʻttiz yillik samarali tajribaga asoslangan aniq kun tartibini shakllantirganmiz.

Bizning Yevropa Ittifoqi bilan sherikligimiz – bu ikki tomonlama harakat, undan ikkala tomon ham manfaat koʻrishi lozim.

“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formati – noyob hamkorlik platformasi boʻlib, oʻlcham va institutsional qamrov jihatidan unga oʻxshashi mavjud emas. 27 davlatni, jumladan “Katta yettilik”ka aʼzo uchta mamlakatni (Germaniya, Fransiya va Italiya) birlashtirgan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan mintaqalararo darajada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻygan eng yirik integratsion tuzilma hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik iqtisodiyot va investitsiyadan tortib barqaror rivojlanish, xavfsizlik va raqamli transformatsiyagacha boʻlgan sohalarning keng majmuasini qamrab oladi hamda uzoq muddatli strategik ustuvor yoʻnalishlarga asoslanadi.

Biz yevropalik hamkorlarimiz bilan muntazam uchrashib kelmoqdamiz. Mintaqamizga yetakchi davlatlar rahbarlarining tashriflari ancha faollashdi. Oʻzbekiston Italiya va Fransiya bilan strategik sheriklik oʻrnatdi. Germaniya va Markaziy Osiyo mamlakatlari esa mintaqaviy strategik sheriklarga aylandi.

Bugun Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo va investitsiya aloqalarini izchil rivojlantirmoqda. Oxirgi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining YEI bilan savdo aylanmasi toʻrt barobar oshib, 54 milliard yevroni tashkil etdi.

Biz Yevropa biznesining Oʻzbekiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlik qilish imkoniyatlariga qiziqishi kuchayib borayotganini mamnuniyat bilan kuzatmoqdamiz.

Mintaqamizda kuzatilayotgan ijobiy jarayonlar tufayli Markaziy Osiyo qudratli va yetakchi davlatlarning Sharq va Gʻarb, Shimol va Janubni bogʻlovchi yoʻllar tutashgan geosiyosiy chorrahadagi ishonchli hamkoriga aylantirmoqda. Bu “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida oʻz ifodasini topmoqda. Ular ochiq muloqotni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilib, barcha tomonlarning oʻzaro manfaatli hamkorligi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.

Bunday sharoitda Samarqand sammitida Yevropa Ittifoqi va mintaqamiz davlatlari oʻrtasida strategik sheriklik yoʻlga qoʻyilishi mintaqalararo hamkorlik va oʻzaro bogʻliqlikning rivojlanishida yangi yoʻnalishlar ochadi.

– Sammitni oʻtkazish joyi sifatida Samarqand shahri tanlanishining sababi haqida batafsil soʻzlab bersangiz. Samarqand muloqot va imkoniyatlar nuqtayi nazaridan qanday ramziy ahamiyatga ega?

– Samarqand — asrlar davomida savdo, ilm-fan va diplomatiya markazi boʻlib kelgan shahardir. Uning ulugʻvorligi turli madaniyatlar, xalqlar va gʻoyalarni birlashtira olganida. Bugun u yana Yevropa va Markaziy Osiyo zamonamizning asosiy muammolarini muhokama qilishi mumkin boʻlgan muloqot maydoniga aylanmoqda.

Samarqand Markaziy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hududida istiqomat qilgan xalqlarning koʻp asrlik xalqaro munosabatlari tarixida alohida oʻringa ega. Olti asrdan ortiq vaqt ilgari ayni shu yerdan Movarounnahr hukmdori Amir Temur Yevropa monarxlari bilan erkin va xavfsiz savdoni taʼminlash maqsadida faol aloqalar oʻrnatgan edi.

Bugungi kunda Samarqand xalqaro hayotdagi oʻziga xos oʻrnini tiklamoqda hamda mamlakatimizning tarixiy siyosiy va diplomatik merosini asrab-avaylab, uni yangi, yanada keng mazmun bilan boyitmoqda.

Tarixan shakllangan tushunchaga koʻra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va boʻlinmas boʻlib koʻrinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam boʻlib, u xalqaro hamkorlikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda.

– Keyingi yillarda mintaqada yuz bergan asosiy oʻzgarishlarni qanday tavsiflagan boʻlardingiz, Markaziy Osiyo beshligida Oʻzbekiston raisligi davrida qaysi ustuvor yoʻnalishlarga eʼtibor qaratasiz?

– Avvalo, shuni alohida taʼkidlashni istardimki, Markaziy Osiyo Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Bu bir qator omillar bilan bogʻliq. Birinchidan, bugungi dunyo siyosati xaritasiga nazar tashlasak, qurolli nizolar, ziddiyatlar va zoʻravonlik avj olayotgan holatlarning aksariyati aynan qoʻshni davlatlar oʻrtasida yuz berayotganini koʻramiz. Bu holat Yaqin Sharq, postsovet makoni, Janubiy Osiyo, Afrika va boshqa mintaqalar uchun ham xos.

Afsuski, Markaziy Osiyo ham bunday holatlardan mustasno boʻlmagan. Turli davrlarda bu yerda qurolli toʻqnashuvlar sodir boʻlgan, chegara masalalari, suv-energetika muammolari, transport va aloqa sohasidagi murakkabliklar, xavfsizlikka oid tahdidlar vaziyatni ogʻirlashtirgan. Bu esa uzoq davom eta olmasdi. Ixtiloflar kuchaydi, kelishmovchiliklar chuqurlashdi va yuzaga kelayotgan murakkab vaziyat mintaqaning xavfsizligiga jiddiy tahdid sola boshladi.

Biz ana shunday real holatni anglab yetib, strategik qaror qabul qildik: Markaziy Osiyoda konstruktiv, yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan va oʻzaro manfaatli munosabatlarni bosqichma-bosqich barpo etish. Bu yondashuvning zamirida oʻzaro ishonch va hurmat, umumiy manfaatlarni hisobga olish va tan olish yotadi.

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo tubdan oʻzgardi, yangi qiyofa kasb etdi — konstruktiv muloqot, ishonch va har tomonlama hamkorlik maydoniga aylandi. Bu esa mamlakatlarimiz yetakchilarining umumiy siyosiy irodasi tufayli amalga oshdi. Bugun biz bu jarayonning ortga qaytmasligi haqida ishonch bilan ayta olamiz.

2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqqanida, biz oddiy, biroq muhim gʻoyadan kelib chiqqan edik: agar biz oʻzaro ishonch va ochiq muloqotni oʻzimiz boshlamasak, hech qanday tashqi hamkorlar mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlab berolmaydi. Bu jarayon oʻz samarasini koʻrsatdi. Bugun eng murakkab masalalarni muzokaralar orqali hal etmoqdamiz, qoʻshma tashabbuslarni muvofiqlashtiryapmiz va oldinga dadil qadam tashlayapmiz.

Joriy yilda Toshkentda yettinchi Maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Bunday yigʻilishlarda biz nafaqat kun tartibini muhokama qilyapmiz, fikr almashyapmiz, balki mintaqa qiyofasini oʻzgartiruvchi aniq qarorlarni qabul qilmoqdamiz. Yaqin oradagi yorqin misol — Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalasining uzil-kesil hal etilishi boʻldi. Bu — tomonlarning yillar davomidagi saʼy-harakatlari tufayli erishilgan muvaffaqiyatdir.

Savdo aloqalarini ragʻbatlantirish uchun chegaraoldi savdo hududlari tashkil etilmoqda, qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari ishga tushirilyapti, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshirilmoqda.

Markaziy Osiyo global transport zanjirlarining muhim boʻgʻiniga aylanmoqda. Biz Transkaspiy va Transafgʻon transport yoʻlaklarini faol rivojlantiryapmiz — bu mamlakatlarimizning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shu tarzda, Markaziy Osiyo endi tarixning chetida emas, balki oʻz strategik kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda. Siyosiy iroda, yuqori darajadagi oʻzaro ishonch va qoʻshma iqtisodiy tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

Markaziy Osiyo beshligida Oʻzbekistonning raisligi davrida biz quyidagi uchta ustuvor yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratamiz: mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va ekologik barqarorlikni taʼminlash.

Oldimizda intaqamizni nafaqat barqaror, balki farovon qilish uchun tarixiy imkoniyat turibdi. Ishonch bilan ayta olamanki, biz bu salohiyatni birgalikda roʻyobga chiqarishga qodirmiz.

– Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan qanday islohotlar Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlikni ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun YEI tomonidan qanday choralar koʻrilishi mumkin?

– Oʻzbekistonda izchillik bilan qulay biznes muhitini yaratmoqdamiz, bozor institutlarini rivojlantirmoqdamiz va investitsiyaviy muhitni yaxshilayapmiz. Muhim qadamlardan biri xorijiy investorlar uchun “yagona darcha” tizimi joriy etilgani, valyuta bozori liberallashtirilgani, biznes uchun soliq yuki kamaytirilgani boʻldi.

Natijada mamlakatimiz va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikda ijobiy surʼat kuzatilmoqda. 2024-yilda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard dollarga yetdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 5,2 foizga koʻpdir. Mamlakatimizda Yevropa kapitali ishtirokidagi 1 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, investitsiya loyihalari hajmi esa 30 milliard yevroga yetgan. Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi savdo-investitsiya aloqalarini yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonamiz.

Biz YEI bozoriga yuqori sifatli, ekologik toza va Yevropa standartlariga javob beradigan mahsulotlarni koʻproq yetkazib berishga tayyormiz. Bugungi kunda samarali transport-logistika yoʻlaklarini rivojlantirish ahamiyati ortib bormoqda va Markaziy Osiyo Yevropa bilan Osiyo oʻrtasidagi shunchaki “koʻprik” emas, balki global iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanishi mumkin.

Shu maʼnoda, biz Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” strategiyasini mintaqadagi asosiy transport loyihalari bilan uygʻunlashtirishni, Transkaspiy transport yoʻlagini ilgari surish boʻyicha “Harakatlar rejasi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz. Bu investitsiyalar ortishi, infratuzilma rivoji va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga yangi surʼat bagʻishlaydi.

Iqtisodiy bogʻliqlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun savdo tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, Markaziy Osiyo mahsulotlarining Yevropa bozoriga kirish imkoniyatini yaxshilash, texnik standartlar va sertifikatlarni uygʻunlashtirish zarur. Shu bilan birga, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, raqamli iqtisodiyot va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish jarayoniga Yevropa biznesini faol jalb qilish muhim ahamiyatga ega.

Biz, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va boshqa xalqaro moliya institutlari orqali moliyaviy koʻmak mexanizmlarini faollashtirishni qoʻllab-quvvatlaymiz. Yevropalik hamkorlar ishtirokida kichik va oʻrta biznes rivoji uchun qulay sharoitlar yaratilishi mintaqa iqtisodiy barqarorligi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

– Markaziy Osiyo — energiya resurslariga boy va qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega boʻlgan kam sonli mintaqalardan biri hisoblanadi. Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish boʻyicha keyingi tendensiyalar hisobga olinsa, mintaqangiz Yevropaning energetik barqarorligini taʼminlashda qanday oʻrin tutishi mumkin?

– Markaziy Osiyo nafaqat energiya resurslarini barqaror yetkazib berishni taʼminlay oladigan, balki uglerodni qisqartirish boʻyicha global jarayonga ham katta hissa qoʻsha oladigan ishonchli hamkorga aylanishi mumkin.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida amalga oshirilayotgan Kaspiy va Qora dengiz orqali Yevropaga “yashil strategik yoʻlak” barpo etish loyihasida hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjud. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi oʻzaro manfaatli energetik bogʻliqlikning mustahkam asosini yaratadi.

Qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik qilish uchun muhim institutsional platforma sifatida Toza energetika boʻyicha Markaziy Osiyo – YEI sherikligini tashkil etish mumkin. Bu vodorod va ammiak kabi “yashil” yoqilgʻi, shuningdek, bioyoqilgʻi ishlab chiqarish va qazilma yoqilgʻi oʻrniga ulardan keng foydalanish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

Ayni paytda Oʻzbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini faol kengaytirmoqda. “Yashil” energetika va iqlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish Markaziy Osiyoda “uglerod kreditlari” bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu mexanizm korxonalarga ekologik toza texnologiyalarga investitsiyalar jalb qilish imkonini beradi, shuningdek, uglerod kvotalari savdosi sohasida xalqaro hamkorlik platformasiga aylanadi.

Masalan, faoliyat yuritayotgan 14 ta yangi quyosh va shamol elektr stansiyalariga qoʻshimcha ravishda umumiy quvvati 24 ming megavatt boʻlgan 50 dan ortiq shunday loyihani amalga oshirish niyatimiz bor.

Yaqin besh yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bu issiqxona gazlari chiqishini qariyb 16 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi va Oʻzbekiston Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlari chiqindisini 35 foizga kamaytirish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarning muddatidan oldin bajarilishiga imkon beradi.

Yana bir muhim yoʻnalish energetika tizimlarini modernizatsiya qilish boʻlib, bu ularning samaradorligini oshiradi va uglerod izini kamaytirishga xizmat qiladi.

– Boʻlajak sammitda xavfsizlik masalalari muhokama qilinishi istiqbollarini qanday baholaysiz? Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikning qaysi sohalari Siz uchun alohida ahamiyatga ega?

– Biz xalqaro munosabatlar tizimining chuqur transformatsiyasiga guvoh boʻlyapmiz. Dunyoda shunday keng koʻlamli oʻzgarishlar roʻy bermoqdaki, ularning oqibatlarini hozircha aniq bashorat qilish mushkul.

Hududiy xavfsizlikni taʼminlash Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun har doim ustuvor yoʻnalish boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda. Shu sababli, 2023-yilda biz Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasida bu sohadagi hamkorlikning yangi kun tartibini ekspertlar muhokamasiga olib chiqish vazifasini qoʻydik.

Biz yaxshi tushunamizki, bizning mintaqamiz ham, Yevropa Ittifoqi ham xavfsizlik sohasida, jumladan, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash masalalarida umumiy tahdid va xatarlarga duch kelmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Yevropa Ittifoqi bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik oʻzaro munosabatlarimizning asosiy yoʻnalishlaridan biridir.

Bugungi voqeliklarni inobatga olgan holda, faqat mavjud dasturlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirish bilan cheklanib qolmay, kiberxavflar va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ishlab chiqish ham muhim deb hisoblaymiz.

– Afgʻoniston Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. Koʻplab davlatlar muvaqqat hukumat bilan hamkorlik qilish hamda bu mamlakatni mintaqaviy va xalqaro hamkorlik jarayonlariga jalb etishdan oʻzini tiyib turgan bir paytda Oʻzbekiston janubiy qoʻshnisi bilan faol aloqalarni davom ettirmoqda.

Oʻzbekistonning Afgʻonistonga bunday yondashuvining sabablari nimada, bu masalada davlatlarimiz oʻrtasida jadal hamkorlikni davom ettirish istiqbollari qanday?

– Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan yondashuvi har doim pragmatik va uzoq muddatli strategik tamoyillarga asoslanib kelgan. Biz hech qachon qoʻshnimizdan yuz oʻgirmaganmiz, u bilan aloqalarni uzmaganmiz. Biz qoʻshni davlatlar, jumladan, uning yaqin va eng muhim hamkori sifatida Oʻzbekiston bilan konstruktiv hamkorlik qilmasdan Afgʻonistonni rivojlantirish imkonsiz, degan fikrga doim ishonib kelganmiz.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Afgʻonistonga nisbatan olib borayotgan siyosatimizni qoʻllab-quvvatlamaganlarning koʻpchiligi bugun uning toʻgʻriligi, muqobili yoʻqligiga tan olishga majbur boʻlishmoqda. Afgʻonistondagi avvalgi tuzum bir qator sabablarga koʻra hokimiyatni saqlab qololmasligiga amin edik. Bu sabablar qatorida avvalgi hokimiyatning mamlakat hududini toʻliq nazorat qilishga qobilsizligi, muxolifat bilan muloqotga tayyor boʻlmagani, inklyuziv hukumatni shakllantirishga intilmagani va davlat boshqaruvining barcha darajalarida korrupsiya avj olganini keltirish mumkin.

Hozirgi rahbariyat Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga, oʻz resurslarini aeroportlar, ichki temir yoʻl tarmoqlari, suv-energetika infratuzilmasini rivojlantirishga va koʻknor maydonlarini qisqartirishga yoʻnaltirishga muvaffaq boʻldi. BMT maʼlumotlariga koʻra, “Tolibon” 2023-yilda giyohvand moddalar savdosini taqiqlaganidan soʻng, Afgʻonistonda koʻknor yetishtiriladigan yerlar 95 foizga kamaygan. Afgʻonistonda koʻknordan xoli kelajak barpo etish maqsadida qishloq aholisiga yordam koʻrsatilmoqda, qishloq xoʻjaligining muqobil yoʻnalishlari rivojlantirilyapti.

Bugungi sharoitda biz Afgʻonistonga strategik imkoniyatlar nuqtayi nazaridan qarash zarur deb bilamiz. Ushbu mamlakatni xalqaro iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, xususan, uning hududida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish juda muhim.

Shu maʼnoda, biz Afgʻonistonga nafaqat mavjud inqirozdan chiqish, balki uzoq muddatli rivojlanish imkonini beradigan ijobiy kun tartibi va tashabbuslarni ilgari surish uchun Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyormiz. Hozirda birinchi galdagi vazifa — Afgʻonistonga taʼlim sohasida yordam berishni davom ettirish, deb hisoblaymiz.

Ishonchim komil, Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatni tiklash Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlarining umumiy manfaatlariga javob beradi.

– Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi qanday qilib iqlim xavflariga birgalikda qarshi turishi mumkin, bu sohadagi hamkorlik uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

– Iqlim oʻzgarishi – bu endi inkor etib boʻlmaydigan xatar. Markaziy Osiyo qurgʻoqchilik, muzliklar erishi va suv tanqisligi bilan yuzma-yuz kelayotgan boʻlsa, Yevropa anomal issiqlik, yongʻinlar va ekotizimlar oʻzgarishi bilan toʻqnash kelmoqda.

Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishiga nisbatan eng sezgir hududlardan biri sifatida oʻz masʼuliyatini toʻliq anglaydi va Yevropa bilan uzoq muddatli yechimlar ustida hamkorlik qilishga tayyor.

Biz uchun soʻzsiz ustuvor yoʻnalish – bu Markaziy Osiyoda “yashil” kun tartibini ilgari surishdir.

Samarqand sammiti doirasida biz “yashil” rivojlanish boʻyicha mintaqaviy konsepsiya loyihasini taqdim etishni rejalashtirganmiz. Unda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikning mustahkam asosini yaratish koʻzda tutilgan.

Biz “YEI – Markaziy Osiyo yashil sherikligi” dasturini rivojlantirishni taklif etamiz. Uning doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalari, ekotizimlarni tiklash va iqlimni raqamli monitoring qilish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishda kuchlarimizni birlashtirishimiz mumkin.

Suv resurslarini tejash sohasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish muhim deb hisoblaymiz.

Bu borada Yevropa Ittifoqi bilan irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishdan tortib muzliklarni birgalikda kuzatish va ilgʻor suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishgacha boʻlgan yoʻnalishlarda hamkorlik uchun katta imkoniyatlarni koʻryapmiz.

YEI bilan hamkorlikni kengaytirishdan, xususan davlat-xususiy sheriklik sohasida Yevropa tajribasidan foydalanishdan umidimiz katta.

Ustuvor yoʻnalishlardan yana biri – ekotizimlar va bioxilma-xillikni tiklashdir.

Tanazzulga uchragan yerlarni, shu jumladan Orolboʻyi hududini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha keng koʻlamli dastur – “Markaziy Osiyoning yashil belbogʻi” loyihasini allaqachon boshlaganmiz.

Bu borada Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyat mavjud.

Biz ekologik sohada taʼlim tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishga ham ustuvor eʼtibor qaratyapmiz. Oʻtgan yili mintaqamizda birinchi “Yashil” universitetni ochdik, bu taʼlim maskani qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va innovatsiyalarni joriy etish uchun samarali maydon boʻlib xizmat qilishi mumkin.

– Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvdan nimalar kutyapsiz? Sammit yakunida qanday natijalarga erishilishini istardingiz?

– Boʻlajak sammit haqiqatan ham tarixiy ahamiyat kasb etadi, chunki birinchi marta Markaziy Osiyoning beshta mamlakati va Yevropa Ittifoqi yetakchilari bir joyda toʻplanadi.

Biz bu sammit Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa boʻlishini kutamiz. Keyingi yillarda hamkorligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.

Siyosiy muloqot yanada chuqurlashadi, hamkorligimizga yanada tizimli tus beradigan, uni uzoq muddatli maqsadlarga yoʻnaltiradigan yangi mexanizmlar ishlab chiqiladi, deb umid qilamiz. Mintaqalararo hamkorlik, ayniqsa, iqtisodiyot, savdo, energetika va transport sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilish sammit kun tartibidagi muhim masalalardan biri boʻladi.

Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi sammitning asosiy natijalaridan biri boʻlishi kerak. Bu hujjat tomonlarning strategik sheriklik oʻrnatishga boʻlgan umumiy intilishini aks ettiradi. Deklaratsiya nafaqat erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi, balki mintaqalarimiz oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish uchun asos yaratadi.

Biz investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalar va raqamli yechimlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq kelishuvlarga erishishdan umidvormiz.

Albatta, koʻplab savollarga sammit yakunida javob topiladi. Biroq hozirdan aytish mumkinki, bu uchrashuv Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasida barqaror, oʻzaro manfaatli sheriklikni barpo etish yoʻlidagi muhim qadamga aylanadi. Bu sheriklik umumiy manfaatlar, ishonch va birgalikdagi taraqqiyotga intilishga asoslangan boʻladi.

– Sizda Yevropa yetakchilari va fuqarolariga bitta muhim fikrni yetkazish imkoniyati boʻlganda, nima degan boʻlar edingiz?

– Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yevropalik hamkorlarimizga murojaat qilmoqchiman.

Markaziy Osiyo muloqot va hamkorlikni kengaytirishga ochiq. Biz barqaror rivojlanish va xalqlarimizning farovonligini oshirishga xizmat qiladigan, oʻzaro manfaat va ishonchga asoslangan konstruktiv hamkorlik tarafdorimiz.

Biz Yevropa Ittifoqining mintaqa ochiqligini taʼminlash, uning ravnaqi va subyektligini mustahkamlashga qaratilgan intilishlarimizni qoʻllab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoni barqaror va jadal rivojlanayotgan, barcha manfaatdor tomonlar bilan ochiq va teng huquqli sheriklikka tayyor boʻlgan mintaqaga aylantirishdek maqsadimizda biz bilan hamfikr ekani juda muhimdir.

Boʻlajak sammit munosabatlarimizda muhim bosqich boʻladi. Samarqanddagi uchrashuv natijalari hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер