Shavkat Mirziyoyev: Yer – eng cheklangan resursimiz va u doim iqtisodiy naf keltirishi kerak

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistondagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida yer bozori shakllanishi taʼsirida yangi investitsiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari keskin oshayotgani qayd etildi.
Tadbirkor yerga buncha katta xarajat qilgandan keyin qurilish, texnika va uskunaga mablagʻi yetmay qolayapti.
Endilikda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblash bekor qilinadi.
Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer boʻyicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun esa oʻn yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi. Endi tadbirkorlar darhol toʻlov qilaman desa, 20 foizgacha chegirma beriladi.
Shuningdek, yirik loyihalarda yer qiymatini tadbirkor ustav fondiga davlat ulushi sifatida kiritishi mumkin boʻladi. Tadbirkor istagan paytda bu ulushni oʻzi sotib olishi mumkin. Bu orqali shu yilning oʻzida tadbirkorlar ixtiyorida 3 trillion soʻm qoladi.
Qanchadan-qancha tadbirkorlar yeri yoʻqligi uchun yangi loyiha qila olmayotgani qayd etildi. Aksincha, “auksiondan sotib oldim, endi meni mulkim” deb, yerni qarovsiz tashlab qoʻygan “uddaburonlar” ham koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois, yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan obyektni topshirishgacha boʻlgan muddatlar majburiy koʻrsatiladi.
Bunda qurilish davriga yer soligʻi boʻyicha 50 foiz imtiyoz beriladi (viloyat markazlaridan tashqari). Qurilishga ruxsat olish muddati davlat organi aybi bilan oʻtkazib yuborilsa, qurilish vaqti shu muddatga uzaytirib beriladi. Muddatida boʻlmasa, yer sud orqali qaytarib olinadi yoki boshqa tadbirkorga sotiladi.
Qishloq va noqishloq joylarda yer fondi doirasida bir faoliyatdan boshqasiga oʻzgartirish tartibi aniq belgilanmagan.
Masalan, bogʻ oʻrnida issiqxona qilaman, degan tadbirkor ishni nimadan boshlashni, kimga murojaat qilishni bilmaydi. Yoki, tadbirkor oʻz bogʻida tomchilatib sugʻorish uchun hovuz, kichik sigʻimli saralash va saqlash omborini qura olmaydi.
Shu bois, har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab beriladi.
Buning uchun, 1-yanvardan yer uchastkalari va kapital qurilish obyektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Shuning hisobiga tadbirkorlar bir yilda oʻz yeriga 800 milliard soʻmlik investitsiya kiritadi.
Bulardan tashqari, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, pillachilik sohalari, meva-sabzavotni qayta ishlovchilarga ular joylashgan bino-inshootlar ostidagi yerlar uchun sanoat toifasi stavkasida yer soligʻi hisoblanayapti.
Klassifikatorni joriy qilish orqali ular ham qishloq xoʻjaligi yerlari kabi soliq toʻlashga oʻtadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring