Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi
Foto: Prezident matbuot xizmati
31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni. Shu munosabat bilan Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yigʻildi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Ajdodlar haqiga Qurʼon tilovat qilindi. Elga osh tortildi.
Bu marosim Mustaqillik bayrami bilan hamohang oʻtishi, millat oydinlari yodga olinishidan koʻngil entikadi. Bu Vatanga fidoyilik yillar oʻtsa-da qadrlanishi, hech bir ezgu ish izsiz ketmasligini anglatadi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat qilindi. Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot boʻldi.
Oʻtgan yilgi marosimda davlatimiz rahbari joylardagi qatagʻon qurbonlarini aniqlash, bu borada tadqiqotlarni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.
Shu asosida joriy yil 19-iyul kuni “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi tuzilib, Mudofaa vazirligi boshchiligida bir qator mutasaddi tashkilotlar biriktirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu qarorning mohiyati va maqsadi haqida gapirdi:
Nima uchun bu vaqt tanlandi? Chunki 1938-yil 4-16-oktyabr kunlari 507 nafar oʻzbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm oʻqilgan. Eng yetakchi shaxslar qatl etilgan. Ular orasida Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilarimiz, Germaniyada oʻqib kelgan ilgʻor mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari boʻlgan. Eng dahshatli tomoni – ular 4-oktyabrda qatl etilgan, hukm 5-oktyabrda chiqarilgan.
Qarorga koʻra, mazkur haftalik davomida aholi oʻrtasida uchrashuvlar, turli koʻrgazma va tanlovlar, shu mavzudagi kino namoyishlari oʻtkaziladi. Viloyat, tuman va shaharlar hokimlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa masʼul shaxslar qatagʻon qurbonlari yashab oʻtgan xonadonlarga kirib, ularning avlodlaridan xabar oladi.
Fidoyi ajdodlarimiz tugʻilib oʻsgan, yashagan xonadonlarga esdalik lavhalari oʻrnatiladi. Ular yashagan mahallalar va maktablarda Xotira burchaklari tashkil etiladi.
Shu tariqa odamlar qatagʻonga uchragan mahalladoshlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishadi. Mustaqillik qanday ogʻir yoʻqotishlar evaziga qoʻlga kiritilgan buyuk neʼmat ekanini anglab yetadi. Xalqimiz qanday mashʼum kunlarni boshdan kechirganini tushunadi. Fidoyi ajdodlarimiz eng ogʻir paytlarda ham vijdonini, milliy oʻzligini saqlab qolganini yurakdan his qiladi.
Muloqotda Bosh vazirga ushbu ishlarni tashkil etish va ijrosini nazoratga olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Maʼlumki, soʻnggi yillarda Toshkentdagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinishi bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham shunday muzeylarni tashkil etildi. Ayniqsa, Andijon, Buxoro, Qarshi, Fargʻona viloyatlaridagi muzeylar eʼtiborga molik.
Prezident bunday xayrli ishlarni davom ettirish, jadidlar hayotiga oid noyob hujjat va eksponatlar bilan jamoatchilikni kengroq tanishtirish kerakligini taʼkidladi.
Tadqiqotchilarni moddiy ragʻbatlantirish, arxiv maʼlumotlarini ochiqlash, tarixni yoshlarga toʻgʻri yetkazish muhimligi qayd etildi.
Dunyoda xavf-xatarlar kuchayib, milliy oʻzlik, ezgulik, qadriyat kabi tushunchalar zavolga yuz tutayotgani yodga olinar ekan, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri yaqqol namoyon boʻladi.
Vatan manfaati yoʻlida fido boʻlganlarning oxiratlari obod boʻlsin, tinch-osoyishta yurtimizni Parvardigor oʻz panohida asrasin, deya duolar qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring