Shavkat Mirziyoyev BMT vakilini qabul qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-sentyabr kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuyni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi nufuzli tarmoq tuzilmasi rahbari shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha xalqaro forum doirasida mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Uchrashuv avvalida BMTning yuqori martabali vakili dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan nufuzli delegatsiyalar ishtirok etayotgan forumni muvaffaqiyatli o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlagani uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi samarali chora ko‘rish borasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda amaliy hamkorlikda erishilgan samarali natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, 2025-yilgacha bo‘lgan davrda hamkorlik bo‘yicha mamlakat dasturini bajarish sifat ko‘rsatkichlari ikki barobar yaxshilandi. Hozirda 34 ta loyiha faol amalga oshirilmoqda. O‘tgan bir yil ichida dehqonchilik, maktablarda ovqatlanish, veterinariya, agrokimyo va boshqa sohalarda 7 ta yangi loyiha ishga tushirildi.
Yangi besh yillik sheriklik dasturini tayyorlash va qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
Agrosanoat majmuasini raqamlashtirish, ilg‘or bilim va tajriba almashish, yer fondi unumdorligini oshirish, organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy klasterlar va logistika markazlarini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha istiqbolli qo‘shma loyiha va tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq global va mintaqaviy vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Innovatsion ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalar namoyishi
- Surxondaryolik olimlar yangi boʻyoq turini yaratishdi
- Insoniyat yangi rekordni qayd etdi
- Toshkentda O‘zbekiston va Turkiyaning uchta vazirlik va idoralari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi
- 23 kun: Toshkentdagi ayrim koʻchalarda transport harakati qisman cheklanadi
- Quvayt elchisi Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring