Shavkat Mirziyoyev 4 nafar sportchi bilan telefon orqali suhbatlashdi

20:36 11 Avgust 2024 Sport
211 0

Oʻzbekiston sport delegatsiyasi Parij Olimpiadasidagi ishtirokini yakunlab, tarixiy natijaga erishdi. Oʻyinlarning oxirgi kunida bokschilarimiz Bahodir Jalolov va Abdumalik Halokov, erkin kurashchi Razambek Jamalov oltin, taekvondochimiz Svetlana Osipova va ogʻir atletikachimiz Akbar Joʻrayev kumush medallarni qoʻlga kiritdi. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ular bilan hamda 9-avgust kuni bronza medaliga sazovor boʻlgan erkin kurashchimiz Gʻulomjon Abdullayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari butun xalqimiz nomidan chempion va sovrindorlarni samimiy tabriklab, murakkab kurashlarda koʻrsatgan yuksak mahorati va matonati uchun minnatdorlik bildirdi. Ularning ota-onalari va murabbiylariga el-yurtga munosib shunday oʻgʻil-qizlarni tarbiyalagani uchun rahmat aytdi.

“Sen Oʻzbekiston ayollari orasida birinchi boʻlib taekvondo boʻyicha olimpiya medali sovrindori boʻlding. Barchamiz har bir chiqishingni hayajon bilan kuzatdik. Yuksak jang sanʼati va haqiqiy jangchi ruhini namoyish etding. Sen bilan juda faxrlanamiz”, dedi Prezident Svetlana Osipovaga.

“Tarixiy gʻalabang bilan chin qalbimdan tabriklayman. Eng ogʻir vaznda tengsiz ekaningni yana bir bor butun dunyoga koʻrsatding. Bu bizlarga juda katta faxr, gʻurur-iftixor bagʻishladi. Parijda ham oltin olib kelishga vaʼda bergan eding, bugungi tarixiy zafaring shu vaʼdaga mos boʻldi. Katta-katta gʻalabalar hali oldimizda. Poytaxtimizda nomingga ochilgan boks boʻyicha sport mahorati maktabida yana yuzlab, minglab oʻzbek bahodirlari katta ringlarga tayyorlanishiga ishonaman”, dedi Prezident ikki karra olimpiya chempioni Bahodir Jalolov bilan suhbatda.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bokschilarimizning bosh murabbiysi Toʻlqin Qilichev tezda sogʻayib ketishini tiladi.

Sportchilar Prezidentimizning shaxsiy eʼtibori ularga kuchli motivatsiya bergani, mukammal tayyorgarlik koʻrishlari uchun barcha imkoniyat yaratilganini qayd etib, tashakkur izhor etdilar. Oʻzbekiston sportining yangi tarixini yaratishda bundan buyon ham astoydil mehnat qilishga, yanada yuksak marralarga erishishga vaʼda berdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер