Shaxmat olami ogʻir judolikka uchradi
Boris Spasskiy, shaxmat boʻyicha 10-jahon chempioni, 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda 27-fevral kuni Rossiya Shaxmat federatsiyasi prezidenti Andrey Filatov xabar berdi. Spasskiy oʻzining ulkan yutuqlari bilan shaxmat tarixida muhim iz qoldirgan yirik grossmeysterlardan biri hisoblanadi. U 1969-yilda Tigran Petrosyanni magʻlub etib, jahon chempioni unvonini qoʻlga kiritgan edi.
Boris Spasskiy 1937-yil 30-yanvar kuni Leningradda tugʻilgan. U shaxmat bilan bolaligidan shugʻullangan va 1953-yilda ilk xalqaro musobaqasida ishtirok etgan. 1955-yilda jahon yoshlar chempionatida gʻolib chiqib, sovet shaxmatchilaridan birinchi boʻlib ushbu yutuqqa erishgan. Shu yili u grossmeyster normasini bajarib, oʻsha davrning eng yosh grossmeysteriga aylangan.
1969-yilda Spasskiy Moskvada Tigran Petrosyan bilan jahon chempionligi uchun hal qiluvchi bahs oʻtkazib, uni magʻlub etdi va jahon chempioni boʻldi.
Qayd etish kerakki, shaxmatning “oltin avlodi” davrida yuqori saviyadagi oʻyinlar koʻrsatgan Boris 1972-yilda Reykyavikda oʻtkazilgan mashhur duelda amerikalik Robert Fisherga yutqazib, shaxmat taxtidan tushdi. Ushbu musobaqa shaxmat tarixida eng katta raqobatlardan biri sifatida esda qolgan.
1976-yilda Spasskiy Fransiyaga koʻchib oʻtdi va shu mamlakat fuqaroligiga ega boʻldi. U Fransiya terma jamoasi safida 1984 va 1986-yillarda shaxmat olimpiadalarida ishtirok etdi. 1990-yillardan boshlab, u shaxmat musobaqalarida kamdan-kam qatnashdi va 2012-yilda Rossiyaga qaytdi. Boris Spasskiyning oʻlimi shaxmat olami uchun katta yoʻqotish boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Oʻzbekiston dunyodagi sayyohlar oqimi eng tez oʻsayotgan yetti mamlakatdan biri — BMT hisoboti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring