Shaharsozlik renovatsiyasi hamda sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishga doir qonunlar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi

10:46 03 Oktyabr 2025 Siyosat
191 0

Senat Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining bugungi majlisida yangi tahrirdagi Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi hamda Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda shaharlarning qiyofasini yaxshilash, shahar infratuzilmasini rivojlantirish va aholining turmush sharoitini yuksaltirishga, shuningdek, raqamli sugʻurta xizmatlarini kengaytirish, moliyaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi.

Xususan, Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisidagi qonun bilan yer uchastkalari kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan hamda shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi natijasida kompensatsiya sifatida beriladigan koʻchmas mulk obyektlari va pul mablagʻlari soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlar sifatida belgilanmoqda.

Qonunga asosan shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy toifasidagi obyektlarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolganligi hamda hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy taʼsir qiladigan holatlarning mavjudligi shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun asos hisoblanadi.

Renovatsiya loyihasi asosida hududni meʼmoriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaxshilash shaharsozlik renovatsiyasining asosiy maqsadlaridan biridir. Bundan tashqari, renovatsiya eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan, avariya holatiga kelib qolgan uy-joy fondini inson yashashi va foydalanishi uchun yaroqli holatga keltirish maqsadini ham koʻzlaydi. Bunda hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy taʼsir qiladigan holatlar bartaraf etiladi.

Renovatsiya natijasida har bir shaharda zamonaviy talablarga javob beradigan muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy infratuzilma yaratiladi, energiya samaradorligi koʻrsatkichlari yaxshilanadi.

Senatorlar muhokama mobaynida Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunning ahamiyati haqida ham fikrlar bildirdi. Jumladan, mazkur Qonunning qabul qilinishi uning qoidalari bir xil qoʻllanilishi uchun amaldagi qonun hujjatlari normalarini unga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelayotganligi qayd etildi.

Qonun sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish orqali sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, elektron tijorat sohasini takomillashtirishga, elektron tijorat operatorlari faoliyati ustidan samarali nazoratni yoʻlga qoʻyishga hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muhokama qilingan masalalar boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер