Shaharmi bu, qishloqmi?

Foto: "Xalq so'zi"
Bundan besh yil muqaddam Buxoro tumanidagi “Bogʻidasht” mahalla fuqarolar yigʻini hududida namunaviy loyihalar asosida chiroyli uylar qad rostlagan edi. 300 dan ziyod xonadon istiqomat qilayotgan bu joy ayni damda Buxoro shahriga qarashli Udurgʻi qishlogʻi deb yuritiladi.
- Shahar shundoq qoʻl choʻzsa yetgulik masofada, — deydi shu yerda istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri Orif Latipov. — Lekin Buxoroga borguncha ming bor azob chekasan, kishi. Yoʻlning, ayniqsa, mana bu chorrahaning ahvoliga qarab boʻlmaydi.
Chorrahada kesishadigan yoʻlning biri yogʻoch bozoriga olib boradi. Uning koʻp emas, oz emas, ikki – uch kilometrlik masofasi shunaqangi oʻnqir – choʻnqirki, yurgani yuragingiz betlamaydi. Xususan, yogʻingarchilik paytida bu yoʻl orqali manzilga shoshganlarning sabr – toqatiga balli, deysiz. Undan eson – omon oʻtgan haydovchi har qanday poygada qatnasha biladi, desak aslo mubolagʻasi yoʻq.
- Loaqal, shagʻal toʻkib boʻlsa – da yurgani sharoit yaratib beringlar deb koʻp idoralarga murojaat qildik,- deya davom etadi O. Latipov. — Biri “Sizlar shaharga qaraysizlar”, deydi. Yana biri esa buning teskarisini aytadi. Shaharmizmi, qishloqmizmi — buni oʻzimiz ham bilolmay qoldik.
Yoʻl udurgʻiliklarni tashvishlantirayotgan yagona masala emas. Uylar nechogʻli shinam, tartibli qurilmasin, infratuzilma risoladagidek boʻlmasa odamlarning halovati buzilishi tayin. Bu yerda suv quvurlari kunora “yoriladi. Koʻchalarda xandaqlar paydo boʻlishi shundan. Bir paytlar quvurlarni yotqizish yumushlari “Mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida bajarilgan. Endi buning jabrini aholi tortmoqda.
— Shu masalada katta – kichik tashkilotlarga murojaat qila – qila hafsalamiz pir boʻldi,— deydi oʻzini Leonid Xe deb tanishtirgan fuqaro. — Kelishadi. Akt tuzishadi. Aybdorlar jarimaga tortildi, deyishadi. Tamom – vassalom.
Qogʻozbozlik yoki birovni jarimaga tortish bilan ish bitarmidi?! Bundan odamlarga nima naf?! Afsuski, masalaning shu jihati mutasaddilar eʼtiboridan chetda qolyapti.
Qiziq, bu hol qachongacha davom etarkan?!
Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring