Senatorlar “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonun talablari ijrosini taʼminlashga qaratilgan oʻzgarishlarni maʼqulladi

15:26 20 Dekabr 2023 Siyosat
358 0

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

“Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi uning qoidalari bir xil qoʻllanilishi uchun amaldagi qonun hujjatlari normalarini unga muvofiqlashtirish zaruratini keltirib chiqardi.

Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va kodekslariga jismoniy hamda yuridik shaxslarning toʻlovga qobiliyatsizligi alomatlari, shuningdek, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikka tortish asoslari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Kodeks va qonunlardagi “bankrotlik” atamasi oʻrniga iqtisodiy nochor holatga tushgan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy sogʻlomlashtirishni nazarda tutuvchi “toʻlovga qobiliyatsizlik” atamasi kiritilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksida soxta toʻlovga qobiliyatsizlik, qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelish holatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Fuqarolik kodeksiga jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligiga oid yangi norma (261-modda) kiritilmoqda. Unga koʻra qarzdor jismoniy shaxs pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga va soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.

Yana bir muhim oʻzgarishlardan biri Soliq kodeksiga kiritilmoqda. Unga koʻra yuridik va jismoniy shaxslar, tadbirkorlar uchun toʻlovga qobiliyatsizlikning sogʻlomlashtirish jarayonida joriy soliq toʻlovlarini toʻlashni toʻxtatib turish va mazkur tartib-taomil yakunlangach soliq qarzlarini olti oy ichida teng miqdorda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratilmoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonun “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi qonunning ijrosi samarali tashkil etilishini taʼminlashga, uning qoidalarini qoʻllashda turlicha talqinlar va qarama-qarshiliklarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер