Senatorlar mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qilingan ishlarga eʼtibor qaratdi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida navbatdagi milliy maʼruza koʻrib chiqildi.
Ushbu milliy maʼruza Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan ikkinchi maʼruza hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori tomonidan taqdim etilgan maʼruzada mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlarga batafsil toʻxtalib oʻtildi.
Xususan, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini takomillashtirish, huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida sohaga taalluqli 13 ta, shuningdek, iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi islohotlarni amalga oshirish doirasida korrupsiya omillarini qisqartirishga qaratilgan 24 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash hamda ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etilgan.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha “E-Antikorrupsiya” loyihasi ishga tushirilgan.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Mazkur preventiv mexanizmlar orqali davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi masʼuliyati va javobgarligi kuchaytirilib, jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirildi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021 – 2022-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi doirasida korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy taʼminot, shuningdek, “1253” qisqa raqamli “Call-markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifati yaxshilanib, korrupsiyani yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan ortiqcha tartib-taomillar qisqartirilgan hamda elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni oshirilgan.
Xususan, 73 turdagi hujjat va maʼlumotlarni aholidan talab qilish bekor qilinib, taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar soni 95 tagacha (43 foiz) qisqartirilgan hamda 6 ta litsenziya va ruxsatnomada belgilangan 17 ta talab va shart bekor qilingan.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori boʻlgan kapital qurilish, oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat xaridlari sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita”lari tasdiqlanib, ijrosi taʼminlangan.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim muammolar saqlanib qolayotganligi qayd etildi.
Davlat idoralari va tashkilotlarda keng qamrovli preventiv chora-tadbirlar oʻtkazilishiga qaramay korrupsiya holatlari hamon uchramoqda.
Xususan, davlat xaridlari bilan bogʻliq byudjet mablagʻlari talon-toroj qilinishi, subsidiyalar ajratish jarayonlaridagi noqonuniy harakatlar, nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining noqonuniy tekshiruvi kabi holatlarni qayd etish mumkin.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga koʻra davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlaridan 20 tasining faoliyati “qoniqarsiz” baholangan boʻlsa, Ochiqlik indeksi boʻyicha 27 ta davlat organi va tashkilotining ochiqlikni taʼminlash faoliyati past samaradorlikni qayd etgan.
Milliy maʼruzani eshitish davomida senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qonunchilikni yanada takomillashtirishga oid takliflarni ham muhokama qildilar.
Savol-javob va muhokamalardan soʻng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring