Senatorlar fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan Qonunni maʼqulladi

11:47 09 Fevral 2024 Siyosat
291 0

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʻzi”

Senatning elliginchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda keksalarni va mehnatga layoqatsiz shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, pensiya tayinlash tartib-taomillari soddalashtirilmoqda va raqamlashtirilmoqda, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilib, pensiya taʼminoti tizimida davlat xizmatlari koʻrsatish sifati tubdan yaxshilanmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolarga pensiya tayinlashda inson omilini kamaytirish, keksalarga, nogironligi boʻlgan va boquvchisini yoʻqotgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yanada oshirish talab etilmoqda.

Ushbu Qonun bilan “Ijara toʻgʻrisida”gi Qonunga ijarachining nogiron boʻlib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos boʻlishini bekor qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunda pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini toʻlash muddatini oʻn ikki oydan yigirma toʻrt oygacha uzaytirish nazarda tutilmoqda.

Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam isteʼmol xarajatlari darajasidan oz boʻlmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning isteʼmol narxlari indeksi darajasining oʻsish surʼatlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi, shuningdek, mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilingan davrda amalga oshirgan faoliyati davrini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olishga doir talab ham belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga fuqaroda davlat pensiya taʼminoti huquqi yuzaga kelganligi toʻgʻrisida Pensiya jamgʻarmasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan maʼlumotlar fuqaroning pensiya toʻlovlarini olishi uchun asos boʻlishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonun Yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat prinsipini amalga oshirishga qaratilgan boʻlib, pensionerlarning moddiy farovonligini yanada yuksaltirishga, fuqarolarning elektron davlat xizmatlarini mustaqil ravishda olish imkoniyatlarini kengaytirishga, pensiya miqdorini qayta hisob-kitob qilishda inflyatsiya darajasini hisobga olish tizimini joriy etishga, nogironligi boʻlgan shaxslarning ijara munosabatlariga oid huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?