Senatning navbatdagi yalpi majlisi 2022-yil 8-iyul kuni boʻlib oʻtadi

18:59 05 Iyul 2022 Siyosat
843 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yil 5-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisini 2022-yil 8-iyul kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtadigan yalpi majlis doirasida bir qator masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

“Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida”gi, «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021-yil yakunlari boʻyicha ijrosi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yoʻl xoʻjaligi obyektlariga salbiy taʼsiri yuzasidan hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlarini yuborish masalalari muhokama qilinadi.

Yalpi majlisda eksport hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatimizda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlash holati, shuningdek, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovlari natijalari koʻrib chiqiladi.

Yalpi majlis doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер