Senatda Oʻzbekistonning Yaqin Sharq davlatlaridagi elchilarning hisobotlari eshitildi

Joriy yilning 8-oktyabr kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda senatorlar, mutasaddi vazirlik va idoralar, viloyatlar hokimliklari rahbarlari, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi vakillari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Oʻzbekistonning Misr, Ummon, Qatar va Eron davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Elchilar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida imzolangan “yoʻl xaritalari” ijrosi, investitsiyalarni jalb etish, milliy mahsulotlar eksportini kengaytirish, xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda xorijda mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizning Misr bilan savdo, farmatsevtika, taʼlim va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi hamkorligi kengaymoqda. Ummon bilan munosabatlarda qoʻshma turistik loyihalarni amalga oshirish, madaniy tadbirlar oʻtkazish va transport yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish masalalariga eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.
Oʻzbekiston-Qatar munosabatlarida investitsiya va “yashil energetika”, infratuzilma hamda turizm sohalarida yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalariga ustuvorlik berilgan. Eron bilan esa, sanoat, tekstil mahsulotini ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni tatbiq etilayotgani taʼkidlandi.
Majlisda senatorlar tomonidan diplomatik vakolatxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, tashqi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, turizm sohasida yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha aniq takliflar ilgari surildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring