Senatda inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekistonda xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati toʻgʻrisida axborot eshitildi

15:13 18 May 2024 Siyosat
228 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktorining Oʻzbekistonda inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

2023-yil umumxalq referendumida Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan inson huquqlarini ilgʻor xalqaro standartlar asosida himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishning yangi qonunchilik asoslari yaratilgani taʼkidlandi.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya etib qayta tashkil etildi va ushbu masalalar boʻyicha Milliy maʼruzachi instituti yaratildi.

Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani samarali amalga oshirish maqsadida 2023-yilning oʻzida nogironligi boʻlgan odamlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan 2 ta Prezident farmoni va 3 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Oʻzbekistonning BMTning Inson huquqlari boʻyicha Jahon taʼlim dasturi ishidagi ishtiroki faollashdi. Mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi tasdiqlandi.

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Qonun kuchga kirdi. Ushbu hujjat xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan gʻayriqonuniy harakatlar, shuningdek, oilaviy zoʻravonlik uchun javobgarlik normalarini kuchaytirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtardi.

Shu bilan birga, majlisda oʻtkazilgan oʻrganishlardan kelib chiqib, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish samaradorligi bilan bogʻliq qator masalalar belgilab olindi.

Jumladan, senatorlar fuqarolarning ekologik huquqlari taʼminlanishidan, ayniqsa, mamlakatimiz poytaxtidagi vaziyatdan xavotir bildirdi. Bundan tashqari, turli shakldagi zoʻravonlikdan bolalarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, bu borada ota-onalar, taʼlim muassasalari va hokimiyat boshqa organlarining masʼuliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.

Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan qator qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish kechiktirilayotgani aytib oʻtildi.

Har tomonlama muhokama yakunlari boʻyicha Senat qarori qabul qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini soʻzsiz bajarish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish rejalashtirilgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?