Senat Raisi Jenevada qator nufuzli xalqaro tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashdi

Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Xalqaro mehnat konferensiyasining 111-sessiyasida ishtirok etish uchun Shveysariyaning Jeneva shahrida amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi.
Senat Raisi tashrif doirasida 12-iyun kuni bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi. Xalqaro Mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo bilan boʻlib oʻtgan muloqotda Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari, xususan hamkorlik qamrovini kengaytirish, jumladan, mamlakatimizda munosib mehnat sharoitlarini tizimli tatbiq etish masalalari eʼtibor markazida boʻldi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekistonning ushbu tashkilot bilan keyingi yillardagi amaliy hamkorligi natijasida mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlangani, sohada 10 ta yuksak koʻrsatkichga erishilgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining Ijtimoiy adolat koalitsiyasini tuzish, Oʻzbekistonni Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidan birinchilardan boʻlib Koalitsiya aʼzolari qatoriga kiritish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Senat Raisi mamlakatimizning XMT bilan hamkorligiga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston hamisha xalqaro mehnat standartlariga qatʼiy rioya qilish yoʻlidan borishi, bu masalalar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanligi, mehnat munosabatlari sohasida yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali XMT bilan hamkorlikni yanada tizimli mustahkamlash Oʻzbekiston uchun muhimligini taʼkidlab oʻtdi.
Oʻz navbatida, J.Ungbo Oʻzbekistonda inson manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyayotgan keng koʻlamli islohotlardan yaxshi xabardor ekanini taʼkidladi. XMT rahbari mamlakatimizda olib borilgan konstitutsiyaviy islohotlarga toʻxtalar ekan, Oʻzbekistonning ijtimoiy yoʻnaltirilgan davlat qurishdagi qatʼiyati va irodasini yuqori baholadi. Shuningdek, erishilgan oʻzaro aloqalar darajasiga toʻxtalib, bu borada Oʻzbekiston hamkorlik yoʻnalishida ham, XMTning eng yuqori standartlariga toʻla javob beradigan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ham jahon mamlakatlari uchun namunali davlat deb bilishini alohida qayd etdi.
Uchrashuv yakunida mehnat munosabatlari yoʻnalishida istiqboldagi rejalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.
Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi (ISSA) Bosh kotibi Marselo Abi-Ramia Kaetano bilan uchrashuv davomida esa ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Jumladan Oʻzbekistonning Tashkilotdagi yanada faol ishtiroki boʻyicha birgalikdagi loyihalarni davom ettirishga eʼtibor qaratildi.
Suhbat chogʻida T.Narbayeva Assotsiatsiya tomonidan ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilayotgani va ularning samarali natijalariga koʻra, dunyo boʻylab ijtimoiy taʼminot mexanizmlarini ishlab chiqish sohasida muhim takliflar tayyorlanayotganiga toʻxtalib oʻtdi. Bu esa oʻz navbatida Assotsiatsiyaning ijtimoiy taʼminot sohasida nufuzli xalqaro mexanizm sifatidagi global roli tobora ortib borayotganidan dalolat ekanini qayd etdi.
M.Kaetano Oʻzbekiston tomonidan ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, aholini ijtimoiy himoya qilish masalasini davlat siyosatining ustuvor vazifasi darajasiga koʻtarilayotgani hurmatga sazovor ekanini taʼkidladi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar, xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishiga toʻxtalar ekan, Bosh kotib global miqyosda ahamiyati nihoyatda ortib borayotgan masalalarni hal etishda bunday ixtisoslashtirilgan idorani tashkil etish muhimligini qayd etdi. Shu munosabat bilan Bosh kotib Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi Oʻzbekistonda yangi tashkil etilgan agentlik bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot yakunida Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi bilan aholini ijtimoiy muhofaza qilishni faol va har tomonlama rivojlantirish yuzasidan istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Shuningdek, T.Narbayeva Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar bilan ishlash byurosi direktori Mariya Xelena Andre bilan muloqot oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida munosib mehnat va ijtimoiy himoya tamoyillarini joriy etish, norasmiy bandlikka qarshi kurashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini asosiy daromad bilan taʼminlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida xalqaro standartlarni joriy etish masalalariga eʼtibor qaratildi
T.Narbayevaning taʼkidlashicha, Byuro bugungi kunda turli davlatlar, jumladan Oʻzbekistonda ham mehnat munosabatlari sohasidagi dolzarb institutsional muammolarni hal etilishida faol koʻmak koʻrsatmoqda, buning natijasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari va boshqa tuzilmalar bilan mintaqaviy va global hamkorligi rivojlanib bormoqda.
– Biz bandlikni yaxshilash, norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish va ijtimoiy himoyaga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdormiz hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi, ayniqsa, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasining salohiyatini oshirishda XMTning faol ishtirokiga umid bildiramiz, – dedi Senat Raisi.
XMT Byurosi rahbari har qanday modernizatsiya jarayonida mehnatkashlar huquqlari, uyushmalar erkinligi, munosib mehnat huquqini kafolatlashning asosiy tamoyillariga tayangan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish ustuvor boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
– Oʻzbekistonda XMT bilan hamkorlikda huquqiy va institutsional asoslarni mustahkamlash boʻyicha koʻp ishlar qilindi. Endi erishilgan natijalar barqarorligini taʼminlash vaqti keldi, – dedi Mariya Xelena Andre.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring