Senat Raisi Nyu-Yorkda BMT Bosh kotibi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

18:13 15 Mart 2024 Siyosat
649 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari koʻrib chiqildi. Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni taʼminlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonning BMT bilan oʻzaro aloqalari tobora kengayib borayotgani, iqtisodiyot, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, ekologiya, madaniyat va taʼlim yoʻnalishlaridagi hamkorlikning samarali natijalari alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston BMT doirasida jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlangan, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qoʻshayotgan tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani qayd etildi. Jumladan, Oʻzbekiston tashabbusi bilan soʻnggi yillarda mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, inson huquqlarini himoya qilish, BRMga erishishni jadallashtirishda parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining 7 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan.

А.Гутерриш Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi ijobiy holatida Oʻzbekistonning muhim roliga alohida toʻxtalib oʻtdi. “Prezident Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan Markaziy Osiyo bugun ahil-inoq yashamoqda, mamlakatlar barcha sohalarda jadal hamkorlik qilmoqda. Oʻzbekiston tashabbusi bilan mintaqa ayollari ham faoliyati ishonchli qoʻllarda boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining noyob muloqoti doirasida birlasha oldi”.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qoʻllab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Samimiy va amaliy ruhda kechgan muloqot yakunida Oʻzbekiston va BMT oʻrtasida barcha sohalarda oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?