Senat Raisi mamlakat yoshlari vakillari bilan bevosita muloqot oʻtkazdi
Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”
Joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Senatida Yoshlar forumi doirasida Senat Raisi bilan “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti tashkil etildi.
Unda senatorlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, yosh deputatlar, turli sohalardagi tashabbuskor, faol va iqtidorli yoshlar hamda davlat mukofoti sovrindorlari va stipendiantlari ishtirok etdi. Mazkur tadbir orqali mingga yaqin yoshlar qamrab olindi.
Senat Raisi T.Narbayeva muloqot davomida yoshlarga oid davlat siyosati boʻyicha mamlakatimizda olib borilayotgan amaliy ishlar, islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ustuvor vazifalar hamda qonunchilikdagi yangiliklarga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi 6-yil mobaynida yoshlar siyosatiga doir 106 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, yoshlarning huquq va erkinliklari yanada mustahkamlandi hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asosi takomillashtirildi.
Ushbu islohotlar Yangi Oʻzbekistonda yoshlar masalasi tom maʼnoda davlat siyosatiga aylanganidan dalolat berishi aytib oʻtildi.
Mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar 19 milliondan ortiq boʻlib, jami aholining 55 foizini tashkil qiladi. Bunday ulush har qanday rivojlanayotgan davlat uchun beqiyos boylik manbai hisoblanadi.
Prezident tashabbusi bilan barcha yoʻnalishlarda, jumladan taʼlim, tadbirkorlik, ijtimoiy koʻmak va boshqa sohalarda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi yangi darajaga olib chiqilgani eʼtirof etildi.
Jumladan, oliy taʼlim qamrovi soʻnggi 6-yilda 4 barobarga oshdi (9 foizdan 38 foizga). 151 ming talabaga 1,7 trillion soʻm imtiyozli taʼlim kreditlari berildi.
Yoshlar bandligini taʼminlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim - “Yoshlar daftari” joriy etildi. Shu yilning oʻzida 282 ming nafar yoshlarga 416 mlrd soʻmlik yordam koʻrsatildi. Respublika boʻyicha 124 ming nafar yoshlar kasb-hunarga, 133,8 ming nafari esa tadbirkorlikka oʻqitildi.
Yoshlar tadbirkorligini kreditlashning yangi tizimi yoʻlga qoʻyilib, bugunga qadar 253 ming 789 nafar oʻgʻil-qizlarga 6,2 trillion soʻmlik imtiyozli kredit ajratildi.
Ushbu amaliy ishlar natijasida oxirgi 6-yilda mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan tadbirkorlar 8 barobarga koʻpayib, ularning soni 750 mingdan oshdi.
Yoshlarimiz ham yaratilgan mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanib, jamiyatda oʻzini toʻla namoyon etmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan isteʼdodli, fidoyi yoshlarning 758 nafari turli davlat mukofotlariga sazovor boʻldi.
Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi yoshlarning siyosiy-huquqiy ongi va savodxonligi, ijtimoiy faolligini oshirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qonunchilik jarayonlariga yoshlarni jalb qilish borasida muhim ahamiyat kasb etayotganiga toʻxtalib oʻtildi.
Senat Raisi muloqot davomida yoshlarning ayrim masalalarga alohida eʼtibor qaratishi lozimligiga toʻxtaldi.
Xususan, mahalliy Kengashlar va Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqilayotgan qonunlar boʻyicha yoshlar oʻrtasida jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, yoshlar oʻzlarining muhim masalalari yuzasidan fikrlari, gʻoyalari va takliflarini Yoshlar parlamentidagi vakillari orqali Senatga va uning qoʻmitalariga yetkazib borishlari, yoshlar siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan aloqalar oʻrnatish, oʻzaro tajriba almashish, shuningdek, parlamentda, mahalliy Kengashlarda yosh deputatlar salmogʻini yigit-qizlar soniga mos ravishda oshirib borish shular jumlasidan.
Muloqot davomida turli soha vakillari boʻlgan tashabbuskor, faol va iqtidorli yoshlar soʻzga chiqib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati boʻyicha olib borilayotgan samarali ishlar hamda uning yoshlar hayotidagi oʻrni haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, Senat bilan oʻzaro hamkorlik olib borish hamda doimiy aloqada boʻlish yuzasidan qator takliflarni ilgari surdilar.
Yoshlar bu kabi uchrashuvlar anʼanaviy tarzda muntazam tashkil etilishidan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring