Senat qo‘mitalari “2025-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunni dastlabki tarzda ko‘rib chiqdi

17:07 12 Dekabr 2024 Siyosat
404 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar, ekspertlar hamda masʼul vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama etildi.

Hozirgi vaqtda dunyodagi murakkab va noaniq vaziyat, jahon iqtisodiy o‘sish surʼatlarining sekinlashuvi sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish surʼatlarini saqlab qolmoqda. 2025-yilga mo‘ljallangan prognozga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish surʼati 6,0 foizni tashkil etadi.

2026-2027-yillarda esa iqtisodiy o‘sish surʼatlari mos ravishda 6,1 va 6,3 foizgacha oshishi kutilmoqda.

Kelgusi yilda iqtisodiy faollikning oshishi hisobiga byudjetga soliq va soliqdan tashqari tushumlarni oshirish orqali Davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda.

2025-yilgi Davlat budjeti xarajatlari 344,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan bo‘lib, 52 foizi yoki 177,7 trln so‘mi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Davlat budjeti hisobidan qishloq xo‘jaligiga 3,3 trln so‘m, suv xo‘jaligiga 10,7 trln so‘m hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga 3,6 trln so‘m  ajratilishi rejalashtirilgan.

Fiskal barqarorlikni taʼminlash maqsadida byudjet taqchilligini kamaytirish o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan fiskal siyosatning bosh maqsadlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Majlisda ushbu Qonun yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillarining axboroti eshitildi hamda senatorlar, ekspertlar va mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari tomonidan qizg‘in muhokama qilinib, fikr va mulohazalar bildirildi.

Muhokama yakuni bo‘yicha Senat qo‘mitalarining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер