Senat Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga O‘zbekistonning qo‘shilishi haqidagi Qonunni ma’qulladi

11:00 16 Avgust 2024 Siyosat
272 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida “Madaniy  yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga (Rim, 2013 yil 29 noyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi 1956 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning qarorgohi Rimda joylashgan. Hozirgi vaqtda 140 ga yaqin mamlakat ushbu xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lgan. 

Ta’kidlanganidek, Xalqaro tadqiqot markazi ta’lim, axborot tarqatish, tadqiqotlar va hamkorlik, jamoatchilik kampaniyalari orqali jahon madaniy merosini asrab-avaylashga ixtisoslashgan xalqaro tashkilotdir.
Xalqaro tadqiqot markazi YUNESKOning maslahat organi bo‘lib, o‘z mandati doirasida jahon madaniy merosi ob’yektlarida amalga oshirishga mo‘ljallangan loyihalarni ko‘rib chiqishda tegishli xulosalar va tavsiyalar tayyorlashga yordam beradi. 

Senatorlar qayd etganidek, Madaniy  yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga O‘zbekistonning qo‘shilishi xorijiy tajribani o‘rganish va joriy etish orqali tarixiy obidalarni restavratsiya qilish bo‘yicha yangi milliy maktabni shakllantirish, shuningdek, mamlakatimizda tarixiy yodgorliklar va me’moriy inshootlarni restavratsiya hamda konservatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi. 
Qonun Senat tomonidan ma’qullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер