“Sen bahorni sogʻinmadingmi?”

11:07 17 Fevral 2020 Madaniyat
2381 0

Oʻzbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyeva bilan suhbat

– Oydin opa, Vatanni madh etmoq har bir ijodkor uchun oliy saodat. Sheʼlaringiz Buxoroning qaynoq quchoqlari, toʻlqinlarning shiddati, gʻunchalarning ochilishi, alvon kapalaklar raqsi, majnuntollarning shovullashlariyu tovonni kuydirguvchi choʻllarning qaynoq tafti dastlab oʻquvchiga sirli, gʻaroyib va jumboq boʻlib tuyuladi... Bu sinoat ildizi qayerda?

– Bolaligim kengliklar, adirlar bagʻrida kechgan. Qiziltepa tumanining Mullatosh qishlogʻidagi zarangliklarda mol boqib, toʻrgʻaylarni tinglab dilimga ajib surur kirardi. Xayolimda oʻsha tepaliklarda ertaklarning qahramoni yashagandek tuyulardi. Zarafshon daryosining koʻkalam qirgʻoqlarida qamishzorlar serob edi. Jingilzorlari chodir-chatma boʻlib yotardi. Oʻsha zarangliklarda yovshanlar odamning boshini aylantirgudek xushboʻy, oʻtkir hid taratardi. Yovshanlar tagida onam aytib bergan ertaklardagi tustovuqlarning tilla tuxumlari borga oʻxshardi. Zarafshonning sap-sariq sumalakday suvlariga termulardim. Ayni peshin, qushlar oʻzini iniga urgan, choʻpon-choʻliqlar yertoʻlalarga salqinlash uchun kirgan chogʻlarida kimsasiz sohilda uzoq oʻtirardim. Daryodan pari qizlar sochlarini tarab chiqadigandek ularni kutardim. Pari qizlarning qoʻynida sehrli kitobi boʻladi. Oʻsha kitobni olib oʻqisang, orzularing ijobat topadi, derdilar onam. Garchand “Boʻston” atalsa-da, qishlogʻimizda gulzorlar kam edi. Jiyda daraxti koʻp edi. Tuproq yoʻlda oyoqyalang yurgan damlarimni sogʻinaman. Qishloqning paxsa uylari pastak-pastak, bir-biriga qaldirgʻoch uyasidek tutashib ketgandi. Uylar orasida hovlilarga eltguvchi uzun yoʻlaklar boʻlardi. Dov-daraxtlar kamligidan soya izlab, ana shu devorlarning kaftdekkina salqinida qizlar bilan turli oʻyinlar oʻynardik: “Toʻptosh”, “beshton”, “xona-xona”, “tosh yashirar”, “sutmi-qaymoqmi”...

Bahorda varakbozlik, chillik oʻyinlari qizir edi. Oʻgʻil bolalarga qoʻshilib, chillikdastani qarsillatib “chillik bola”ni uchirardik. Ana shunda dugonalarimning – koʻpchiligi otasidan erta aytilgan qizaloqlarning – shodon qiyqiriqlari orasida mahzun qoʻshiqlarni tinglagandek boʻlardim. Oʻzim ham otamdan erta – ikki yarim yasharligimda ayrilib qolganman. Bolalikning hech narsa bilan toʻldirib boʻlmaydigan ota sogʻinchi, intizorlik, dashtlardagi har qoʻrgʻondan moʻjiza kutganim, balki yuragimga sheʼriyat sehrini solgandir. Balki Zarafshonning bugungi kunda sayoz tortib qolgan suvlari yuragimga goʻzal taassurotlar boʻlib quyilib qolgandir.

– Soʻz – ilohiy neʼmat. Baʼzi sheʼrlaringizda hayot mazmuni, gʻamingiz, hayrat va shodligingiz oldindan sezib yozilgandek. Aslida shoirlik baxtmi?

– Har qanday insonda baribir gʻaybdan his qilish tuygʻusi boʻladi. Insonning baxti ham, baxtsizligi ham tasodifiy emas. Taqdir taqozosi bilan hayotimda xatarli kunlar boʻlgan. Hech qachon oylab toʻshakka mixlanib yotaman, oyni, oftobni, yoʻllarni, singlimday boʻlib qolgan kapalaklarni boshqa koʻrmayman deb xayol qilmaganman. Biroq... shunday kunlar boʻlganki, derazamdan oftob moʻralashini, toʻlin oyning nur taratishini qayta koʻramanmi, degan armonli kunlarim... Agar sogʻayib ketsam, oʻz oyoqlarim bilan yura olsam, maysazorlarga chiqsam, oʻtloqlarning u boshidan-bu boshigacha yumalab-yumalab kapalak quvlashni orzu qilgan kechalarim boʻlgan. Boshimda duo oʻqib, sogʻinchimni Allohdan kutgan onam va yaqinlarimning koʻzlaridagi ilinjni koʻrganimda yaxshi kunlar keladi, deb ishonganman. Agar shunday kunlar kelsa, umrim boricha yaxshilik qilib yashashga, hayotimni savob ishlarga tikishga, sheʼrga umrimni baxshida etishga oʻzimga soʻz berganman. Agar hozir bir narsadan ranjib qolsam, nogoh oʻsha ogʻir kunlarimni eslayman-da, – tavba tazarru etaman. Bir sheʼrimda yozganman:

Sheʼrim asrab qolgan koʻngilda,

Kechib tizza boʻyi qorlarni.

Hamon ildam ketib boryapman,

Olovlarga tashlab zorlarni...

Esimda, birinchi “Shabnam” sheʼriy toʻplamim chiqqanida onamga olib borganman. Onam kitobchani yuz-koʻzlariga surtib yigʻlab yuborganlar. Bacham, otangiz oʻn bitta oʻgʻlini yerga berdi. Besh qizim qoldi. Oʻgʻillarim yoʻq, nomim oʻchib ketadi, degandi. Mana, endi otangizning nomi oʻchmaydigan boʻlibdi. Xudoga shukur.

Bu tushlar shunchalar ilohiy, shunchalar sirliki, ular Alloh va inson orasidagi sirdan voqif etadi. Koʻpincha tushlarimda sheʼrlar yozaman. “Shukrona”, “Ijobat” sheʼrlarim, “Najot” dostonimning “Xatar vodiysidan afsona” voqeasini tushimda koʻrib, yozganman.

– Sevimli shoiramiz Zulfiyaxonimning mehri sizga boʻlakcha boʻlgan...

– Hammamizni yaxshi koʻrardilar. Zulfiya opa bilan toʻqqiz yil ishladim. U kishi bizga onadek mehr koʻrsatardilar. Tushkunlikka tushganimizda koʻnglimizni koʻtarardilar. Zulfiyaxonimning uylariga tez-tez borib turardik. Mushoira qizigandan-qizirdi. Ustoz odatda bizni eshitardilar. Hamid Olimjon haqidagi goʻzal xotiralarni gapirib berardilar.Poytaxtimizda Zulfiyaxonimga oʻrnatilgan haykal barchani toʻlqinlantirib yubordi. Mana shuning oʻzi ustozga berilgan yuksak eʼtibor namunasi emasmi?

– Yoshlar ijodidan qoniqasizmi?

– Yoshlarga havasim keladi. Ularning ilk qadamlaridayoq hech kimga oʻxshamagan oʻzliklari bor. Bir paytlar Sharifa Salimova, Qutlibeka, Xosiyat, Farogʻat, Farida Afroʻz, Dilbar Bonu, Enaxon, Muhtarama, Halima Ahmad, Zebo Mirzolarni yosh shoiralar derdik. Bular hozir yetuk shoiralar. Sohibjamol shoiramiz Xosiyat Rustamovaning sheʼrini oʻqisam, musavvir chizgan tasviriy sanʼat asarlarini tomosha qilgandek boʻlaman. Har bir tasvirida hayotning ajib sehri, nozik manzaralari aks etadi. Xonadonimga nevaralarim kelishsa, Xosiyat Rustamovaning “Uyimda emaklab yuribdi sevinch...” degan satrini takrorlab qoʻya qolaman. Bugungi yoshlar sheʼriyatida ham oʻzgacha nafislik namoyon boʻladi. Bular: Manzura Shams, Oygul Asilbek qizi, Gulbahor, Zumrad, Gulchehra, Naima Abdurahmonova... Eh-he ularning yana qanchalarini eʼtirof etish mumkin... Jannatmakon ustozim aytganlaridek:

“Bu bogʻlar bir bogʻlar boʻladi hali”

– Hazrat Bobur:

“Sen, ey gul, qoʻymading sarkashligingni sarvdek hargiz,

Oyogʻingga tushib bargi xazondek necha bor yolvordim...”

deya yozganidek bugungi xotin-qizlarda sarvdek sarkashliku oshiqlarni poyiga xazondek toʻkuvchi viqor, sirlilik, goʻzal feʼl-atvor qay darajada?

 Rajabbibi opam aytardilar: otam, oilam, bola-chaqam deb hammollik, dallolik, novvoylik, hofizlik, paxsakashlik ham qilib bizni boqqan boʻlsa, eng ogʻir lahzalarda onam zeb-zavarini sotib, roʻzgʻorga sarflagan. Baʼzi ayollar arzimagan qiyinchiliklarni deb roʻzgʻorini barbod qilmoqda. Bunga koʻproq baʼzi bir boqibegʻam erkaklar sababchi, deb oʻylayman. Qoʻlini shop qilib, erkakchasiga soʻkinib gapirishdan oʻzini tiyolmaydigan ayollarni koʻrsam, xijolat tortaman. Bugun oila mashaqqatini er-xotin barobar tortadigan davr keldi. Oila iqtisodini mustahkamlash uchun ikki yoqlama harakat kerak.

Hukumatimiz yosh oilalarni, yoshlarni yaxshigina qoʻllab-quvvatlab turibdi. Oilada farzandi rizqidan chegirib, yigʻib-yigʻib, 10 yil toʻplaganini bir kunlik toʻyga sochayotganlar qancha! Bolalariga kompyuter olib bersa, turli toʻgaraklarga qatnashtirsa, til oʻrgatsa, millat, xalq yuksaladi. Maishatparastlik, lattaparastlik degan kasaldan qachon holi boʻlar ekanmiz, deb koʻp oʻylayman.

Avvalo, ayollarimizni maʼnaviyatini yuksaltirishimiz zarur. Axir maʼrifatli ayol millatni koʻtaradi.

– Bahor yuragingizda nelarni shivirlayotir?.. Koʻklamni sogʻinmadingizmi?

– Siymonlar koʻksini yorib maysa– nish,

Bahor qudratiga aytadi olqish.

Qafasdan chiq, Yurak– hur qirolicha,

Qurbing yoʻqmi axir maysa holicha?

Momolarimiz bekorga maysani “omonliq-esonliq”, deya koʻzlariga surtmagan. Yashil olamga yetganing uchun sevinasan. Bolalikning yashil adirlariga chiqqandy boʻlasan goʻyo. Qamish “qovurgʻali” varraklarga qoʻshilib, qalbing uchib ketay, deydi. Rayhonlarning baxmal barglarini yuzlaringga surib, hayotga shukrona aytging keladi. Yorugʻ dunyo qanchalar shirin, deysan. Archalarning etaklarida binafshalar nafarmon yulduzlardek koʻzingizni oladi. Bolalik hayrating oʻlmaganiga, bahorni jismu joningda his qilayotganingga suyunasan kishi. Ana shu tuygʻular yuragingni toʻldirib turganining oʻzi katta baxt.

Adiba UMIROVA,

“Xalq soʻzi” suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер