Sariosiyoda aka ukasiga buyragini berdi, murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Inomjon yillar davomida buyrak yetishmovchiligi bilan kurashib kelardi. Hayotdan umidi soʻnib borayotgan bir paytda, akasi Gʻulomjon joniga oro kirdi. U ukasiga bitta buyragini berishga tayyor edi. Jarrohlik amaliyotidan ham qoʻrqmasdi, faqat jarayon qayerda, qanday kechishidan xavotir olardi. Buni qarangki, aka-uka mushkuliga oʻzlari yashayotgan tumanda ijobiy yechim topildi.
Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasi negizida tashkil etilgan tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazida ilk bor buyrak transplantatsiyasi amaliyoti bajarildi.
Poytaxtdan kelgan mutaxassis, akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori Akromjon Ahmedov rahbarligida 14 kishilik jarrohlar guruhi buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyotini oʻtkazdi. Bu olti soatdan ortiq davom etdi. Hozir Inomjon va Gʻulomjonning ahvoli yaxshi.

— Prezidentimizning 2021-yil 26-iyuldagi “Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan markazimiz tashkil etilgan, — deydi markaz direktori Muzrob Saidov. — Aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida nafaqat respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida, balki tumanlarda ham yangi, yuqori texnologik davolash usullari yoʻlga qoʻyilmoqda. Yaqin yillargacha bunday murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish uchun bemorlar xorijga borishga majbur edi. Bugungi kunda hatto tuman shifoxonalarida tana aʼzolarini koʻchirish bilan bogʻliq jarrohlik oʻtkazilayotgani mamlakatimiz tibbiyoti rivojlanganidan darak beradi. Bu tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir.
Surxondaryo viloyatida nefrologiya, terminal va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan bemorlar soni soʻnggi yillarda koʻpayib bormoqda.
Olimlarning ilmiy xulosalariga koʻra, nefrologiya, terminal va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligini qandli diabet, surunkali glomerulonefrit va piyelonefrit, buyrak polikistozi kabilar keltirib chiqaradi. Buning oldini olish, kasallikka chalingan bemorlar sogʻligini tiklash, umr koʻrish davomiyligini uzaytirish maqsadida Denov, Sherobod hamda Sariosiyo tumanlarida tibbiyot birlashmalari negizida tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻtkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi mavjud bemorlar shu yerning oʻzida gemodializ xizmatidan foydalanmoqda.

Quvonarlisi, bosqichma-bosqich yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilmoqda. Viloyatda ham aʼzolar va toʻqimalari transplantatsiya qilinishiga muhtoj bemorlar boʻlib, mana bunday imkoniyat ularga umid bagʻishlaydi.
— Ukam Inomjon surunkali buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekardi, — deydi Gʻulomjon Qodirov. — Kasallikning beshinchi bosqichi boshlanib, olti oydan buyon gemodializ olardi. Hayotga boʻlgan mehri, kurashishini koʻrib chidab turolmadim. Jigarim hayotini saqlab qolish uchun donorlik qiladigan boʻldim. Qisqa vaqt ichida kerakli tekshiruvlar amalga oshirilib, buyrak koʻchirish boʻyicha murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Hozir ikkimizning ham ahvolimiz yaxshi.
Qissadan hissa shuki, aka mehrining yorqin namunasi tufayli bugun Inomjonning hayotga umidi paydo boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring