Ekologik barqarorlik, qish mavsumiga tayyorgarlik va yongʻin xavfsizligi masalalari muhokama qilindi

22:55 01 Dekabr 2025 Siyosat
103 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ekologik barqarorlik, shu jumladan chiqindilarni qayta ishlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi, shuningdek, mutasaddilarning qishga tayyorlik yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Avvalo, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha maxsus komissiyaning hisoboti tinglandi. Havo ifloslanishiga qarshi koʻrilayotgan, ifloslanish manbalarini aniqlash va ularni bartaraf etish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, oxirgi kunlarda mamlakatimiz hududi boʻylab sovuq antisiklon taʼsiri kuchayib bormoqda. Natijada havo bosimi oshib, harorat pasaymoqda, inversiya hodisalari kuchaymoqda. Bunday sharoitda havodagi mayda zarrachalar yuqoriga koʻtarilmay, pastki qatlamlarda toʻplanib qolmoqda. Meteorologik sharoitlar tufayli havoning tabiiy tozalanish surʼati sekinlashmoqda.

Soʻnggi kunlarda havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berildi. Issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi obyektlar yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruvlar, shahar boʻylab koʻchalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish tadbirlari shular jumlasidan. Kuchaytirilgan tartibda reydlar va profilaktika ishlari olib borilmoqda.

Prezidentimiz mazkur choralarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham tizimli davom ettirish, aniqlangan qonunbuzarliklarni tezkor bartaraf etish, havoga taʼsir koʻrsatuvchi barcha omillarni qatʼiy nazorat ostiga olishni topshirdi.

Maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 933 million dollarlik loyihalar 6 ta hududda – Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida boshlangan, ammo boshqa viloyatlarda bu borada jiddiy harakat kuzatilmayapti. Boshlangan loyihalarda ham investorlarni infratuzilma – yo‘l, elektr, suv bilan ta’minlash ishlari talab darajasida emas.

Viloyatlar hokimliklari va Ekologiya milliy qoʻmitasiga kamchiliklarni bartaraf etib, kelgusi yilda qolgan hududlarda ham shunday loyihalarni boshlash topshirildi.

2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish belgilangan. Soʻnggi yillarda 47 ta poligon faoliyati tugatilib, rekultivatsiya qilindi, natijada 243 gektar yer tabiatga qaytarildi.

Lekin hozirda ishlayotgan 132 ta poligonning aksariyatida haligacha himoya devorlari, “yashil belbogʻ”, suv taʼminoti va ekologik xavfsizlik inshootlari tashkil etilmagani koʻrsatib oʻtildi.

– Bu atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatyapti va aholi eʼtirozlariga sabab boʻlyapti. Shu bois, maishiy chiqindi poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish zarur. Birinchi navbatda, odamlarning sohadan roziligiga erishishimiz kerak. Bu masalaga faqat chiqindini boshqarish emas, balki sanoat, energetika, ekologik madaniyat bilan uzviy bogʻliq yoʻnalish sifatida yondashish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga rekultivatsiya qilingan 47 ta poligon yerini qayta foydalanishga kiritib, ularda “yashil maydon”lar barpo qilish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Mavjud poligonlarning barchasi atrofida “yashil belbogʻ” yaratish, daraxt va koʻchat ekish ishlarini poligonlarning yarmida bahor mavsumida, qolgan yarmida kuz mavsumida yakunlash vazifasi qoʻyildi.

2026-yildan bu ishlarga respublika budjetidan har yili kamida 150 milliard soʻm ajratib borilishi belgilandi.

Oxirgi ikki yilda avvallari qayta ishlanmagan sanoat va xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 4,5 foizga olib chiqildi. Mazkur koʻrsatkich kamligi qayd etilib, sanoat va xavfli chiqindilar hosil boʻlayotgan va saqlanayotgan joylarni xatlovdan oʻtkazib, ularni qayta ishlash hamda utilizatsiya qilish boʻyicha kamida 1 tadan loyihani boshlash zarurligi taʼkidlandi. Xavfli chiqindilarni nazorat qilish boʻyicha yagona axborot-monitoring platformasini ishga tushirish topshirildi.

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, imtiyozli shartlarda suyultirilgan gaz yetkazib berishda kamchiliklar saqlanib qolmoqda, talon-toroj holatlari uchramoqda. “Hududgaztaʼminot” tizimiga bu holatlarga chek qoʻyish, hududma-hudud yurib, aholining muammolarini hal etish topshirildi. Eskirgan elektr tarmoqlari va ortiqcha yuklamada ishlayotgan transformatorlarni xatlovdan oʻtkazib, ularning barqaror ishlashini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, 1800 kilometr elektr tarmoqlarida taʼmirlash ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlangan. Bosh prokuraturaga mazkur holatlarni oʻrganish va qonun ustuvorligini taʼminlash, “Energoinspeksiya”ga esa nazorat ishlarini yangicha yondashuv asosida tashkil qilib, favqulodda tartibda ishlashga oʻtish topshirildi.

Qish mavsumida energiya resurslari aholiga uzluksiz yetkazib berilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda yongʻin xavfsizligi masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Mamlakatimizda 44 mingdan ziyod koʻp qavatli binolarda yongʻin xavfsizligi holatini toʻliq oʻrganish, favqulodda vaziyatlar tizimi bunday xavf-xatarlarga qarshi harakat qilishga shay turishi zarurligi taʼkidlandi.

Binolarning tashqi devorlarida kuchli yonuvchan materiallarni qoʻllashni taqiqlovchi qatʼiy talablarni qonun hujjatlariga kiritish vaqti kelgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan koʻp qavatli uylarda qurilish normalari va yongʻin xavfsizligi qoidalarini xalqaro tajribaga moslash hamda masʼul rahbarlar javobgarligini kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Kommunal xizmatlar ishini muvofiqlashtirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Oʻtgan mavsumda poytaxtda toʻplangan tajriba asosida respublikaning boshqa hududlari kesimida ishchi guruhlar tashkil etish, barcha kommunal xizmatlar va boshqaruv servis kompaniyalarini FVV dispetcherlik tizimiga bogʻlash va xonadonbay profilaktika ishlarini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?