Sanoat yarmarkasida mingdan ortiq mahsulotlar namoyish etildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida ikki kun davomida anʼanaviy hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʻlib oʻtdi.
Unda qoʻshni Qirgʻizistonning Botken viloyati va Tojikistonning Soʻgʻd viloyati rasmiy vakillari, mamlakatimizning turli hududlari hamda qoʻshni davlatlardan kelgan tadbirkorlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdi.

— Anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan yarmarka sanoat tarmoqlari rivoji, xalqaro hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda juda muhim, — dedi tadbirda soʻzga chiqqan Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. — Jahon bozorida munosib oʻrin egallash va brend mahsulotlar yaratish, eksportbop va raqobatbardosh mahsulotlar salmogʻini oshirish hamda oʻzaro tajriba almashishda bu kabi doimiy muloqot platformasi boʻlishi zarur.
Taʼkidlab oʻtilganidek, ayni jarayondagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida yaqin kelajakda Fargʻona viloyatida sanoat mahsulotlari uchun maxsus koʻrgazmalar markazini bunyod etish rejalashtirilgan. Zamonaviy markaz viloyatda sanoat tarmoqlarining ertangi kun istiqbolini taʼminlashga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, bu yil Fargʻona viloyatida iqtisodiyot tarmoqlariga 3,7 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, 1,5 milliard dollarlik mahsulot eksport qilish maqsad qilinmoqda. Shu tariqa yalpi hududiy mahsulot hajmini 108,3 trillion soʻmga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan atigi 7-8-yil avval ham viloyatga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport koʻrsatkichlari borasida bor-yoʻgʻi 500 ming dollarlik marra belgilanar edi. Ayni paytda bu miqdor hajmi allaqachon bir milliard dollarlik dovondan oshdi. Soʻnggi yetti yilda viloyatda sanoat korxonalari 2,8 barobarga koʻpaydi va 13 mingtaga yetdi.

Sanoat yarmarkasida Fargʻona viloyatida ushbu soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan yetakchi korxonalar rahbarlari turli nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi. Oʻz navbatida, yarmarka qatnashchilari yurtimizda ishlab chiqarilayotgan toʻqimachilik va ipakchilik, charm-poyabzal, mebelsozlik, neft-gaz, qurilish materiallari, kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik tarmoqlari mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.
— Biz qurilish sanoatida xaridorgir, dunyo andozalari asosida tayyorlanayotgan oʻnlab turdagi mahsulotlar ishlab chiqaramiz, — deydi “Metal Apex” korxonasi menejeri Oybek Sultonov. — Bugungi yarmarka doirasida mahsulotlarimiz koʻrgazmasini tashkil etish orqali yangi xaridorlar topish istagidamiz.

Fargʻona shahridagi anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan hududiy sanoat yarmarkasida bu yil 200 dan ziyod tadbirkorlik subyektlari hamda oʻnlab yirik ishlab chiqarish korxonalari oʻzining mingdan ortiq mahsulotlarini namoyish etdi. Ikki kunlik muloqotlar davomida yangi turdagi qurilish, sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, oliy oʻquv yurtlarining ishlanmalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Yarmarka doirasida tadbirkorlar tomonidan yangi loyihalar taqdimoti ham oʻtkazilib, oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha uchrashuvlar hamda amaliy muloqotlar tashkil etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring