SamDU rektori XXR taʼlim vaziri oʻrinbosari bilan uchrashdi
Samarqand davlat universitetiga Xitoy Xalq Respublikasi taʼlim vaziri oʻrinbosari Sun Yao hamda Sian Jiatong universiteti vitse-prezidenti Si Guang boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlar bilan Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzaro muzokaralarda ikki tomon uchun ham muhim boʻlgan sohalar — taʼlim, amaliy va fundamental tadqiqotlarda hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda keng miqyosda tajriba almashish maqsadida ilmiy almashinuv loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, hamkorlikda faoliyat olib boruvchi fanlararo loyihalar ustida ishlash maqsadida Xitoy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil qilish boʻyicha memorandum imzolandi.
Kelishuvga koʻra, markazning asosiy vazifalari qilib sugʻoriladigan dehqonchilik mintaqasida cheklangan suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish muammolarini hal qilish, chang boʻronlarining kelib chiqish sabablari va manbalarini aniqlash hamda ularning hududga salbiy taʼsirini yumshatish, yer va suv resurslarini texnogen ifloslanishdan tozalashning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish, genetika, seleksiya va urugʻchilik yutuqlaridan keng foydalanish hisobiga dala ekinlari hosildorligini oshirish, mintaqaning tabiiy resurslari va bioxilma-xilligidan oqilona foydalanish kabi masalalarga yechim topish kabilar belgilandi.
— Samarqand davlat universiteti Xitoy Xalq Respublikasining ilm-fan, madaniyat va taʼlimning koʻplab yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan yaqin hamkorlik aloqalariga ega, — deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. — Xitoyning yetakchi taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar hamisha yuqori natijalarga daxldorligi bilan ajralib turadi.

Avvalgi uchrashuv va muzokaralarda zamonaviy jamiyatga tahdid soluvchi turli muammolarni bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun bir qator qoʻshma laboratoriyalar va fanlararo tadqiqot markazlarini ochish imkoniyatlarini muhokama qilgan edik. Bu boradagi birinchi qadam — Sian Jiatong universiteti va SamDU vakillarining hamkorlikdagi faoliyatini ifodalovchi Xitoy ilmiy-tadqiqot markazining ochilishi boʻldi. Oʻylaymanki, bunday qoʻshma fanlararo markazning tashkil etilishi ikki davlat olimlarini birlashtiradi va kelgusida hamkorlikka boshqa mamlakatlardan yetakchi mutaxassislarni taklif qilish imkonini beradi. Oʻz navbatida, biz mazkur yoʻnalishda jahon universitetlarining istiqbolli tadqiqotlari tajribasini oʻzlashtirish va oʻz sharoitimizga moslashtirish, shuningdek, bunday muvaffaqiyatli ishlanmalarni mintaqaning qoʻshni davlatlarida ham joriy etish va targʻib etishga tayyormiz.
Tadbir yakunida Samarqand davlat universiteti talabalari ishtirokida badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring