Samarqandda turkiy dunyo shaharsozligiga bagʻishlangan qurultoy oʻtkazilmoqda

18:01 19 Fevral 2025 Jamiyat
187 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Turk dunyosi muhandislari va meʼmorlari ittifoqining turkiy dunyo shaharsozlik qurultoyida ittifoqqa aʼzo davlatlar vakillari, oʻzbekistonlik quruvchi va arxitektorlar, shu soha boʻyicha olimlar ishtirok etmoqda.

Anjumanning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.Hidoyatov, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev soʻzga chiqib, ittifoq rahbariyati va mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, qurultoy ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Turk dunyosi muhandislari va meʼmorlari ittifoqi raisi Ilyas Demirji, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Turkiya Respublikasining sobiq Bosh vaziri Binali Yildirim, Turkiya Respublikasining Samarqanddagi bosh konsuli Salih Janer va boshqalar qariyb 25 yillik tarixga ega mazkur ittifoq bugungi kunda turkiy dunyoda tarixiylik uygʻunlashgan zamonaviy shaharsozlik anʼanalarini joriy etish, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda muhim oʻringa egaligini qayd etdi.

Tadbirda Turkiyaning bir qator yirik qurilish kompaniyalari va loyihachilari mamlakatimizda faoliyat yuritib, zamonaviy standartlar asosida shaharlarimiz qiyofasini tubdan yangilashga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgani ham taʼkidlab oʻtildi.

— Bunyodkorlik, shaharsozlik orqali aslida kelajak quriladi, — deydi Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim. — Unda xalqning, millatning qudrati, madaniyati, oʻzligi aks etadi. Bizning turkiy xalqlarimiz Sharqdan Gʻarbgacha, Bolqondan Baykalga qadar ana shunday muhtasham bino va inshootlar barpo etib, kuch-qudratimizni, madaniyatimizni namoyon etganlar. Uch ming yillik bu qadimiy shaharsozlik anʼanalari namunalari hozirgacha ham saqlanib kelmoqda va endilikda ular insoniyatning bebaho moddiy merosi hisoblanadi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham bunday tarixiy obidalar, qadimiy shaharsozlikning goʻzal namunalari juda koʻp va dunyo ahli ularga hayrat va havas bilan boqadi. Turk dunyosi muhandislari va meʼmorlari ittifoqi bugun turkiy davlatlarning, xalqlarimizning ana shu merosini asrab-avaylash bilan birga, zamonaviy shaharsozlikda ulardan samarali foydalanib, ulugʻvor binolar bunyod etmoqda.

Anjuman oʻz ishini “Samarqand – turk dunyosi sivilizatsiya markazi”, “Turkiy dunyoda turizm va madaniy meros”, “Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bagʻishlangan “Tilda, fikrda va ishda birlik”, “Global iqlim oʻzgarishlari: Orol dengizi istiqboli” kabi sessiyalarda davom ettirdi. Unda Turk dunyosi muhandislari va meʼmorlari ittifoqiga aʼzo davlatlar vakillari, yurtimiz olim va mutaxassislari oʻz maʼruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

Qurultoy doirasida 20-fevral kuni bir qator tadbirlar oʻtkazilishi, xususan, ittifoqqa aʼzo davlatlarning 20 ga yaqin meʼmorchilik, qurilish, muhandislik sohalaridagi ishbilarmonlarining mahalliy tadbirkorlar bilan B2B uchrashuvlari, anjuman qatnashchilari uchun Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, zamonaviy bino va inshootlarga sayohat ham koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?