Samarqandda tuman qishloqlaridagi mahsulotlarning eksport hajmi kengaymoqda
Foto: Abdulaziz Yo'ldoshev / Xalq so'zi
Samarqand viloyati Oqdaryo tumani “Pichoqchi” mahallasidagi “Pichoqchi Dry Fruits” korxonasi yongʻoqzorlar tashkil qilib, mahsulotlarini logistika markazi orqali eksportga yoʻnaltirmoqda. Ushbu markazga respublikamizning barcha hududlaridan yongʻoq mahsulotlari yigʻiladi va saralanib, qadoqlanadi hamda xorijga chiqariladi.
– Bu serdaromad soha, - deydi korxona rahbari Tolibxon Abdujalilov. – Eng muhimi, xotin-qizlar va yoshlar ish bilan band. Oʻttizdan ortiq doimiy, yuzga yaqin mavsumiy ishchimiz bor. Oqdaryo mahallasidan 104 xonadon bizga biriktirilgan. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirish hisobiga ularni ham doimiy ish bilan taʼminlashni rejalashtirganmiz.
Mavsumiy ishchilarning aytishicha, kunbay ishga 60-70 ming soʻmdan maosh toʻlanar ekan. Ikki mahal ovqat korxona hisobidan. Qatnov uchun transport ham yoʻlga qoʻyilgan.
“Pichoqchi Dry Fruits” MCHJ logistika markaziga yongʻoqdan tashqari mayiz va boshqa turdagi quritilgan mevalar ham keltirilib, bejirim qadoqda Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston kabi davlatlarga eksport qilinyapti.
– 2019-yilda Turkiyadan chandler navli yongʻoq koʻchatini keltirib, 30 gektar intensiv bogʻ tashkil qildik, bu nav 4-5 yilda hosilga kiradi, - deydi Tolibxon Abdujalilov. – Istiqbolli rejalarimiz bor. Xususan, Oqdaryo tumanini yongʻoq yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha loyiha tayyorlaganmiz. Chunki tuman iqlim sharoiti yongʻoq yetishtirish uchun juda qulay.
Eʼtiborlisi, hududda bu yoʻnalishda oʻziga xos raqobat muhiti shakllangan. Tumandagi “Pichoqchi eksport savdo”, “Quruq mevalar tayyorlash”, “Toʻrtaygʻir quruq mevalar” korxonalari ham ayni shu faoliyat bilan mashgʻul.
Oqdaryoning Baraka massivida tashkil etilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saralab, eksportga yoʻnaltirayotgan “Hakan agro invest” MCHJ yutuqlari ham eʼtiborga loyiq. Loyiha qiymati 5 milliard soʻm boʻlgan ushbu korxonada yiliga 1,5 million AQSH dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltirilmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring