Samarqandda toʻrtta sport maktabi sport turlariga ixtisoslashtirildi

13:56 13 Mart 2025 Jamiyat
76 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 18-dekabrda qabul qilingan “Yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Samarqand shahridagi 2-son sport maktabi futbolga, Oqdaryo tumanidagi sport maktabi yunon-rum kurashiga, Pastdargʻom tumanidagi 2-son sport maktabi dzyudoga va Paxtachi tumanidagi sport maktabi badiiy gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirildi.

Bunda sport turlari rivojlangan, shugʻullanish uchun qulay sharoit yaratilgan hududlar hamda mamlakat va xalqaro chempionatlarda yaxshi natijalarni qoʻlga kiritib kelayotgan sportchi va trenerlarning natijasi hisobga olindi.

— Shu paytgacha sportchilarga oʻz hududidagi sport maktabida qaysidir sport turi bilan shugʻullanish uchun sharoit boʻlmasa, mashgʻulotni boshqa tuman yoki shahardagi sport maktabida oʻtkazishi uchun ham imkon yoʻq edi, — deydi viloyat sport boshqarmasi shuʼba boshligʻi, pedagogika fanlari nomzodi Bahodir Berdiqulov. — Endilikda ixtisoslashgan sport maktablarida 2025-2026 oʻquv yilidan viloyatning boshqa tuman (shahar)laridagi sportchilar ham shugʻullanishi mumkin. Bunday maktablarda sportchilar uchun qulay sharoit yaratish va terma jamoaga iqtidorli sportchilarni jalb qilish maqsadida keyingi yillarda qoʻshimcha binolar, yotoqxona va oshxonalar ham qurilishi rejalashtirilmoqda.

Shu oʻrinda aytish joizki, ayni paytda Oʻzbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibiga 949 nafar, zaxira tarkibiga 472 nafar samarqandlik sportchilar qabul qilingan. Sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti orqali shugʻullanuvchilar va terma jamoa sportchilari soni yanada koʻpayadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер