Samarqandda taʼlim sohasida Singapur tajribasi qoʻllanilmoqda

15:16 13 Noyabr 2024 Jamiyat
340 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Singapur maorif sohasiga katta sarmoya kiritib, yuksak natijalarga erishayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Ilmiy-texnik rivojlanish sohasida jahonda yetakchi mamlakatlardan biriga aylangan. Aholisining savodxonligi boʻyicha ham dunyoda yuqori koʻrsatkichga ega.

Bugungi kunda Samarqanddagi umumtaʼlim maktablarda ham mazkur tajriba asosida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tashkil etilgan boʻlib, viloyatdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari direktorlari, oʻqituvchilari Singapur xalqaro taʼlim dasturlari asosida malakasini oshirmoqda.

— Viloyatdagi 1266 ta umumtaʼlim maktabida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni oʻtkazish boʻyicha oʻqituvchilar roʻyxati shakllantirilgan boʻlib, joriy yilning oktyabridan bu tizim yoʻlga qoʻyildi, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ozodjon Jangirov. — Jumladan, aniq va tabiiy fanlar yoʻnalishida 17 nafar master-trener, 96 nafar mentor-trener, 2526 nafar yetakchi oʻqituvchi va 10 ming 223 nafar fan oʻqituvchilari jalb etildi. Shunga koʻra, mazkur yoʻnalishda 90 ta maktabda mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.

Viloyat pedagogik mahorat markazida har oyning birinchi va uchinchi haftasida singapurlik mutaxassislar viloyatdagi har bir maktabdan kelgan bir nafar yetakchi oʻqituvchilarga taʼlim jarayonidagi oʻz tajribasini oʻrgatadi. Malaka oshirgan yetakchi oʻqituvchilar olgan tajribasini hamkasblariga oʻrgatadi. Buni taʼlim jarayonida ham qoʻllaydi. Buning uchun ularga oylik maoshining 20 foizi toʻlab beriladi.

— Hozir viloyat pedagogik mahorat markazida aniq va tabiiy fanlar yoʻnalishida Singapur tajribasini oʻrganyapmiz, — deydi Toyloq tumanidagi 3-umumtaʼlim maktabi biologiya fani oʻqituvchisi Dilorom Ibodullayeva. — Jarayonda tabiiy fanlarni oʻqitishda Singapurning “MARSHALL CAVENDISH EDUCATION” oʻquv dasturiga kiritilgan besh bosqichli “5 Ye” moduli bizga manzur boʻldi. Jumladan, modulning birinchi zamonaviy jalb qilish bosqichida oʻquvchining mavzuga mos muammoli video, rasm, savol yoki jadval bilan eʼtiborini tortish va diqqatini darsga qaratish mumkin. Ikkinchi tadqiq qilish bosqichida oʻquvchi yangi mavzuni oʻzlashtirishi uchun qiziqarli topshiriqlar beriladi. Oʻqituvchi oʻquvchilarga ilmiy tadqiqot metodlari va mavzuga oid ilmiy tushunchalarni amaliy topshiriq orqali oʻrganishni taklif etadi. Uchinchi tushuntirish bosqichida oʻqituvchi oʻquvchilardan avvalgi bosqichlarda nimani oʻrganganlari va kuzatganlarini tushuntirishni soʻraydi. Oʻquvchilar ilmiy tushunchalarni yaxshiroq oʻzlashtirishlari uchun darsda nafaqat verbal, balki video, audio materiallardan foydalanish maqsadga muvofiq. “5 Ye” modulining toʻrtinchi qoʻllash bosqichida oʻquvchilar tadqiq etish va tushuntirish bosqichlarida oʻrgangan bilim va koʻnikmalarini notanish vaziyatlarda qoʻllaydi. Ushbu bosqichda fanlararo integratsiyani taʼminlash maqsadga muvofiq. Tabiiy fanlarni matematika, sanʼat, texnologiya va boshqa fanlar bilan bogʻliq holda oʻrganish ilmiy tushunchalarni yaxshiroq oʻzlashtirishga imkon beradi. Modulning soʻnggi beshinchi baholash bosqichida oʻquvchilar oʻzini-oʻzi baholaydi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, yaqindagina Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazida zamonaviy tarzda qayta taʼmirlangan yangi bino foydalanishga topshirildi. Mazkur binoda 12 ta 300 oʻrinli zamonaviy oʻquv xonalar, virtual laboratoriya xonasi, situatsion dars mashgʻulotlari translyatsiya qilinadigan xonalar toʻlaligicha taʼmirlanib, barcha zarur qulayliklar yaratildi. Xonalarga yangi mebel jihozlari, interfaol doskalar hamda 30 ta monobloklar oʻrnatildi.

— Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan Markazimizdagi mazkur binoning taʼmiri uchun byudjet mablagʻlari hisobidan 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan edi. Shuning hisobiga bino zamonaviy tarzda taʼmirlanib, eng soʻnggi rusumdagi jihozlar bilan taʼminlandi, — deydi Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazi direktori Aʼlamjon Ibragimov. — Joriy yilning 30-sentyabrida Davlatimiz rahbari malaka oshirish taʼlimini rivojlantirish boʻyicha kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazib, unda viloyat hokimlariga malaka oshirish taʼlim muassasalarini zamonaviy shaklga keltirish, ularni eng yuqori darajadagi taʼlim muassasalariga aylantirish boʻyicha topshiriq bergandi. Topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimligining ishchi guruhi tuzilib, chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat Milliy institutida yaratilgan sharoitlarni viloyat hokimining oʻrinbosari boshchiligidagi ishchi guruh borib oʻrgandi. Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazining barcha binolarini ham ana shu loyiha asosida qayta taʼmirlash ishlari boshlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер