Samarqandda “prava” olish uchun imtihon avtomatlashgan tizimda oʻtkaziladi

16:02 12 Avgust 2024 Jamiyat
98 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanida haydovchilik guvohnomasini olish uchun yangi imtihon markazi ish boshladi. Mazkur innovatsion majmuaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi, respublika masʼullari va tuman rahbarlari ishtirok etdi. Qatnashchilar markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

“Samarqand viloyati imtihon markazi” innovatsion majmuasi har kuni nazariy imtihon topshirish boʻyicha 800 ga yaqin nomzodni, avtomobil boshqarish imtihoni boʻyicha 400 nafar nomzodni qabul qiladi. Nomzod markazga kelganida oʻziga tegishli individual QR-kodini oladi. Bunda u topshiradigan imtihonlarning har bir bosqichi belgilab qoʻyilgan. Nazariy imtihondan oʻtish uchun 20 ta savoldan 18 tasiga toʻgʻri javob berish talab etiladi. Shu sinovdan oʻtgan nomzod haydovchilik boʻyicha amaliy imtihonni topshirish huquqiga ega boʻladi.

Kutish zalida unga zarur koʻrsatmalar beriladi. Qaysi mashgʻulotlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi toʻliq aks ettirilgan video namoyish etiladi. 99 jarima ball chegarasidan oshib ketilmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi. Agar nomzod amaliy imtihondan oʻtolmasa, u nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan paytdan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik interval bilan qayta topshirishi mumkin.

Amaliy imtihonni topshirish uchun markazda uchta maydonga boʻlingan avtomatlashtirilgan avtodrom mavjud. Birida “B”, “C” va “D” toifalari, yaʼni yengil avtomobil, yuk mashinasi va avtobusni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga daʼvogar nomzodlar imtihon topshiradi. Ikkinchi maydonda “A” toifasi uchun – mototransport boshqarish huquqiga ega boʻlishni xohlovchilar amaliy koʻnikmalarini namoyish etadi. Uchinchi maydon “BE”, “CE” va “DE” toifalari uchun, yaʼni tirkamali avtotransport vositalarini boshqarish boʻyicha imtihonlarga moʻljallangan.

Nazariy va amaliy imtihonlar boʻyicha qoʻshimcha tayyorgarlikka muhtoj nomzodlar uchun markazda ekspress-kurslar mavjud.

Imtihonlarning ikkala bosqichi muvaffaqiyatli topshirilgandan soʻng, sertifikat beriladi. Nomzodlar sertifikat bilan viloyat YHXBga murojaat qilishi lozim. Sertifikat maʼlumotlar bazasida tekshirilganidan soʻng, ularga belgilangan tartibda haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.

Bunday markazlarning faoliyati haydovchilik guvohnomasini olish sohasidagi korrupsiyaga toʻliq barham berish imkoni borligini amalda namoyon etmoqda. Bu oʻz navbatida, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashning muhim shartidir. Chunki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani faqat yoʻl harakati qoidalarini, haydovchilik koʻnikmalarini amalda qoʻllaydiganlar olishi shart.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер