Samarqandda Oʻzbekiston-Rossiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi

22:02 01 Dekabr 2022 Jamiyat
350 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun Samarqand shahrida Oʻzbekiston-Rossiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik va idoralar, viloyatlar, tarmoq birlashmalari va uyushmalar rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan 500 dan ortiq yetakchi kompaniya va korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Rossiya delegatsiyasiga esa Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov boshchilik qildi.

Delegatsiyalar rahbarlari oʻz chiqishlarida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik yuksak darajada ekani, shuningdek, qoʻshma sarmoyaviy loyihalar soni izchil ortib borayotgani, uzoq muddatli savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidladilar.

Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash oʻsishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Soʻnggi besh yilda mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 170 foizga oʻsdi, 2021-yil oxiriga kelib esa yana uchdan bir qismga koʻpayib, 7,5 milliard dollardan oshdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani bildirildi.

Tomonlar keyingi yillarda investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi faollashganini yuqori baholadilar. Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni soʻnggi 5 yilda 3 barobarga koʻpayib, 3000 tadan oshdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda neft-kimyo, energetika, kon-metallurgiya, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, shuningdek, meva-sabzavotlarni qayta ishlash kabi sohalarda Rossiya kompaniyalari bilan umumiy qiymati 20 milliard dollardan ortiq boʻlgan ikki yuzga yaqin qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati ustuvor yoʻnalishlarda, jumladan, avtomobilsozlik, kimyo va toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berayotgani haqida soʻz bordi.

Sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini va savdo kelishuvlarini ishlab chiqish maqsadida hududlararo kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshma ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi. Yaqin kelajakda 2023-yilga moʻljallangan hududlarga oʻzaro tashriflar jadvali tasdiqlanadi va navbatdagi uchinchi mintaqalararo forumni oʻtkazishning aniq sanasi kelishib olindi.

Biznes-forum ekspertlar uchun samarali muloqot maydoniga aylandi. Bu yerda Oʻzbekiston va Rossiyaning qator tarmoqlarining salohiyati keng ochib berilib, istiqbolli sarmoyaviy loyihalar taqdim etildi. Tadbir dasturi doirasida, shuningdek, sanoat klasterlarini birgalikda rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi zanjirlarini shakllantirish, yoqilgʻi-energetika tarmogʻi, sanoat va transport, eksport hajmini oshirish, agrosanoat majmuasida kichik va oʻrta biznes subyektlari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, IT texnologiyalarni joriy etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni raqamlashtirish, bozorlarni rivojlantirish kabi yirik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishdek ustuvor yoʻnalishlarda sessiyalar ham boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda qoʻshma investitsiya loyihalarini roʻyobga chiqarish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” nomi ostida koʻrgazma ham tashkil etilib, unda mamlakatimizning bir qator tarmoqlar va yoʻnalishlardagi sanoat salohiyati namoyish etildi. Ekspozitsiya rossiyalik biznes vakillarida qiziqish uygʻotib, hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilish uchun zamin yaratdi.

Umuman olganda, biznes-forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillariga oʻz yon daftarlarini yangi hamkorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan boyitish, oʻzaro manfaatli yangi loyiha va tashabbuslarning texnik hamda moliyaviy jihatlarini atroflicha muhokama qilish, uzoq muddatli istiqboldagi mushtarak manfaatlarni belgilash imkonini berdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер