Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi oʻz ishini boshladi

11:18 13 May 2024 Siyosat
159 0

Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida birinchi Osiyo xotin-qizlari forumi oʻz ishini boshladi.

Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida 2024-yilda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning boy salohiyatidan foydalanish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ular oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishida tajriba almashish maqsadida Osiyo xotin-qizlari forumini oʻtkazishni taklif qilgan edi.

Mazkur tashabbus mintaqada xotin-qizlarning imkoniyat va bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalarini muhokama qilish, ularning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish, hozirgi zamonda davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini mustahkamlash masalalarida tajriba almashish uchun oʻziga xos muloqot maydonini yaratishdan maqsadida ilgari surilgan edi.

Ochilishda nutq soʻzlagan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senat raisi Tanzila Narbayeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga murojaatini oʻqib eshittirdi.

Forum ishida Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumatlari aʼzolari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayollar ishbilarmon doiralari vakillari, siyosatshunoslar, ijtimoiy faollar, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari ishtirok etmoqdalar.

Ikki kunlik Forum 8 ta parallel sessiya doirasida oʻtkaziladi. Ishtirokchilar xotin-qizlarning fan, taʼlim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambagʻallikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalarini atroflicha muhokama qiladilar.

Bundan tashqari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi koʻrib chiqiladi. Bunda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini ragʻbatlantirishda parlamentlarning oʻrni, genderga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender tafovutni bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Forum doirasida “Yashil” iqtisodiyotni targʻib qilish, iqlim oʻzgarishining mintaqadagi gender muammolarga taʼsiri masalasida hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat-notijorat tashkilotlarining ilgʻor tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham koʻrib chiqiladi.

Mazkur xalqaro anjuman yakuni boʻyicha Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

(Xalq soʻzi)

Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер