Samarqandda Oltiariq tajribasi kengaytirilmoqda

15:02 20 Avgust 2024 Jamiyat
129 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻz”. Samarqand viloyatida bugungi kunda 73,2 ming gektar maydonda gʻoʻza parvarishlanmoqda. Shuningdek, 90,4 ming gektar gʻalladan boʻshagan maydonning 4,1 ming gektariga sabzavot, 15 ming gektariga kartoshka, 35,1 ming gektariga dukkakli 36,3 ming gektariga ozuqa ekinlari ekilgan.

Sohada joriy yilda qiymati 451 milliard soʻmlik 104 ta hududiy loyiha ishga tushirilib, 641 ta ish oʻrni yaratildi. Jumladan, 4,2 ming gektar bogʻ, 5,6 ming gektar tokzor barpo etilgan.

Birgina, Samarqand tumanida bugungi kunda 3850 gektar yer maydonda uzumzor mavjud boʻlib, 40307 tonna hosil kutilmoqda. Ushbu mahsulotlar tumandagi 49485 tonna sigʻimga ega 66 ta muzlatgichli omborxonalarda saqlanadi.

Tumanidagi “Aʼzam Azamat agro” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligida 115 gektar maydonda Turkiya texnologiyasi asosida intensiv bogʻ barpo qilinib, olma, shaftoli va uzum yetishtirilmoqda.

Yetishtirilgan hosilning 40 foizi ichki bozorga, qolgani eksport qilinmoqda. Toklar asosan vayish usulida parvarishlanmoqda.

— Uzumchilikni Fargʻona vodiysining Oltiariq tajribasi asosida tashkil qilganmiz, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Ahmadjon Sultonov. — Bu usul yer maydoni, ozuqa va suvni tejaydi. Uzumning kishmish, toifi, rizamat va boshqa 10 ga yaqin navlarini yetishtiryapmiz. Toifi hosildorligi bilan ajralib turadi. Gektaridan 30 tonnagacha hosil olish mumkin. Hozirda har 3-4 kunda yetilgan uzumlarni yigʻib olyapmiz. 20 gektar intensiv olma va uzum hosilining asosiy qismini 1250 tonnalik muzlatkichimizda eksport uchun saqlaymiz. Rossiya Federatsiyasi bilan 2 ming tonna uzum yetkazib berish boʻyicha shartnoma qilganmiz. Kuniga 1500 tagacha plastmassa yashik ishlab chiqarish seximiz bor. Bu idishlar mevalarni yigʻib olish va saqlashda qoʻl kelyapti.

Xoʻjalikning 20 gektar intensiv bogʻida olma va shaftoli ayni pishib yetilgan. Joriy yilning shu davrigacha 600 tonnadan ortiq meva hamda 500 tonnadan ortiq uzum hosili yigʻib olingan.

Xoʻjalik tomonidan joriy yilda 300 ming dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilingan boʻlib, yil oxirigacha yana 400 ming dollar miqdoridagi uzum mahsuloti eksport qilinishi rejalashtirilgan. Ayni kunlarda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligida 70 nafar doimiy, 150 nafar mavsumiy ishchilar mehnat qilmoqda.

Toyloq tumanida jami 598 ta fermer xoʻjaligi 12 ming 299 gektar maydonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirib kelyapti. Mazkur fermer xoʻjaliklari tasarrufida 2618 gektar tokzor, 881 gektar bogʻ, 465 gektar tutzor mavjud. Yaqinda ekilgan daraxt va tok koʻchatlari oʻsib, toʻliq hosilga kirib, soya solgunga qadar qator oralarida dehqonlar turli xil poliz va sabzavot mahsulotlarini yetishtirib, moʻmay daromad topmoqda.

Xususan, tumandagi “Ermatov Suyunboy Boboqulovich” fermer xoʻjaligi aʼzolari bogʻ qator oralariga ekin ekib, uch martagacha hosil olib, yerdan samarali foydalanib kelmoqda.

— Tasarrufimizdagi 30 gektar yerning 15 gektarida bogʻ yaratilgan, — deydi fermer xoʻjaligi raisi Suyunboy Ermatov. — Uning 2,5 gektari yangi bogʻ. Daraxtlar hali kichik boʻlgani uchun qator orasida birinchi ekin kartoshka yetishtirdik. Endilikda ikkinchi ekin sifatida loviya, karam, piyoz, bulgʻor qalampiri, sholgʻom, sabzi parvarishlayapmiz. Keyin kech kuzda toʻqsonbosti usulida sarimsoqpiyoz, piyoz va boshqa ekinlar ekishni rejalashtirganmiz. Har bir qator 10 sotixni tashkil etadi. Har qatordan oʻrtacha 5-6 million soʻmlik hosil olib, yiliga 100 million soʻmga yaqin daromad topyapmiz.

Hozirgi kunda tumanda 2025-yil hosili uchun jami 1283 gektar bogʻ va tok qator oralariga toʻqsonbosti ekin sifatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari urugʻini qadash rejalashtirilgan. Shundan, 537 gektarida piyoz, 50 gektar maydonda sarimsoqpiyoz yetishtirilsa, 288 gektarida sabzi, 124 gektar maydonda lavlagi shuningdek, 284 gektar yerda koʻkatlar ekish rejalashtirilgan.

Dastlabki yarim yillik tahlilga koʻra, qishloq xoʻjaligi oʻsish surʼati viloyatda eng yuqori sohalardan biri sanaladi. Ushbu yoʻnalishda Samarqand respublikada uchinchi oʻrinda qayd etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер