Samarqandda Navroʻz shodiyonalari

18:38 20 Mart 2025 Jamiyat
222 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandda Navroʻz bayrami bagʻishlangan asosiy tadbirlar Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bogʻi va uning atrofidagi koʻchalar, Registon maydoni, Universitet xiyoboni, Qorasuv massivi hamda shahar markazidagi diqqatga sazovor joylarda umumxalq sayllari shaklida oʻtkazilmoqda.

Bir tomonda oʻlan-u laparlar yangrasa, yana bir tomonda milliy qadriyatlarimiz namoyish etildi, varraklar sayli, rasmlar koʻrgazmasi, sportchilarning chiqishlari-yu bolajonlarimizning shoʻx-shodon yayrashi barchaga zavq-u shavq ulashdi. Bayram tantanalari mohiyatida yangilanib borayotgan Oʻzbekistonda kechayotgan barcha hayotbaxsh islohotlar inson va uning qadri uchun, degan chuqur mazmun oʻz ifodasini topayotganiga guvoh boʻlasiz.

Gastronomik festival doirasida osh chempionati, sumalak va halim sayllari, kabob, koʻk somsa va koʻk bichak tanlovlari oʻtkazildi. Hunarmandchilik mahsulotlari, Samarqandning mashhur nonlari, turfa gullar koʻrgazmasi bayram ishtirokchilari-yu sayyohlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

— Xalqingizning milliy bayramida ishtirok etayotganimdan juda xursandman, — deydi turkiyalik sayyoh Salih Unar. — Koʻrib guvohi boʻlayapmanki, bu bayramda juda koʻp insonlar qatnashyapti. Ayniqsa, milliy oʻyinlar, qadriyatlar namoyishi menga juda manzur boʻldi. Bizda ham Navroʻz nishonlanadi. Ammo bu darajadagi keng miqyosda emas. Navroʻz haqiqiy tinchlik, birdamlik, doʻstlik bayrami.

Bayram shodiyonalari Samarqand shahridagi “Moʻjiza” amfiteatriga koʻchdi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev barcha samarqandliklar va mehmonlarni Navroʻz bayrami bilan qutladi. Konsert dasturida xalqimizning sevimli sanʼatkorlari ijrosidagi Navroʻzni, istiqlol va tinchlikni tarannum etuvchi qoʻshiqlar yangradi.

Bayram tadbirlari viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер