Samarqandda MDH kutubxonachilarining xalqaro forumi oʻtkazildi

19:41 15 May 2024 Jamiyat
232 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining 2023-yil 13-oktyabrdagi qaroriga muvofiq Samarqand shahri Hamdoʻstlikning 2024-yilgi madaniyat poytaxti deb eʼlon qilingan.

Shu munosabat bilan 15-may kuni qadim kentda “Markaziy Osiyo — 2024: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XVII xalqaro konferensiyasi doirasidagi “Kutubxona hamdoʻstligi: hamkorlik va innovatsiyalar” mavzusida MDH kutubxonachilarining xalqaro forumi boʻlib oʻtdi.

Unda Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar milliy kutubxonalari, Moskva hamda Sankt-Peterburg davlat madaniyat institutlari, bolalar va yoshlar kutubxonalari, Markaziy Osiyo chegara kutubxonalarining 50 dan ortiq rahbar va yetakchi mutaxassislari qatnashdi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimi Samarqand shahrida yangi bunyod etilayotgan “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksining direksiyasida boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, viloyat hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov ishtirok etib, ishtirokchilarni qutladi.

Tadbirda 2025-yilda Markaziy Osiyo bolalar kutubxonalari forumini Samarqandda oʻtkazish taklifi oʻrtaga tashlandi. Bu tadbir bugungi kunda viloyat bolalar kutubxonasi faoliyat olib borayotgan, 1911-yilda qurilgan tarixiy binoning taʼmirlanib foydalanishga topshirish marosimiga ulanib ketishi taʼkidlandi.

Forum doirasida qator mavzularda seminarlar ham tashkil etildi. Ularda ishtirokchilar kutubxonalarni zamonaviy rivojlantirishning dolzarb masalalarini, raqamli muhitda bosma va qoʻlyozma meroslarining taqdimoti, mutolaani targʻib qilish dasturlari, kutubxonalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish kabi masalalarni atroflicha muhokama qildilar.

— Oʻzbekiston men uchun qadrli, Toshkentda bir necha yil yashaganman, kutubxonachilik sohasida mehnat qilganman, — deydi Sankt-Peterburg madaniyat instituti axbоrot-kutubxonachilik fakulteti dekani Valentina Berejneva. — Samarqandda ham boʻlganman. Oʻylaymanki, bu qadim kentda MDH kutubxonachilari xalqaro forumining oʻtayotgani barcha uchun qiziqarli va mazmunli boʻladi. Tadbir turli davlatlarda faoliyat yuritayotgan soha mutaxassislarining tajriba almashishiga, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Forum yoshlar oʻrtasida kitob va kitobxonlikni ommalashtirish, targʻib qilish boʻyicha MDHda amalga oshirilayotgan eng yaxshi usul va loyihalarni aniqlash, axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari uchun kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, axborot-kutubxona va nashriyot-matbaa sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim maydon vazifasini oʻtaydi.

Tadbir davomida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va Rossiya Davlat kutubxonasi, Xorazm viloyati Mahmud az-Zamaxshariy nomidagi axborot-kutubxona markazi va Vladimir Vladimirovich Mayakovskiy nomidagi jamoat kutubxonasi, Surxondaryo viloyati Adib Sobir Termiziy nomidagi axborot-kutubxona markazi va Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi Indira Gandi nomidagi Markaziy ilmiy kutubxonasi oʻrtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Anjuman 16-may kuni Jizzaxda oʻz ishini davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер