Samarqandda elektrobuslar harakati kengaymoqda

15:23 20 Noyabr 2024 Jamiyat
138 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasi doirasida oʻtgan yili 6 ta elektrobus olib kelindi. Shu kungacha mazkur yoʻnalishda 6 ta elektrobus ishlagan boʻlsa, endi harakat tarkibi yana 2 taga oshirilib 8 ta elektrobus aholi xizmatiga chiqarildi.

M2-sonli “Hazora ABB-Gulobod qoʻrgʻoni” shahar avtobus yoʻnalishida transport vositalarining harakati toʻxtab qolishi aholining keskin eʼtirozlariga sabab boʻlgandi. Aholining jamoat transportiga ehtiyojini qondirish maqsadida M2-sonli shahar avtobus yoʻnalishida elektrobuslar harakati yoʻnalish chizmasiga oʻzgartirish kiritilgan holda qayta tiklandi.

Bundan tashqari, M5-sonli “Temiryoʻl ABB — Temiryoʻl ABB” shahar halqa yoʻnalishi qayta tiklandi. Bu yoʻnalishda ham “YUTONG” rusumli 10 ta avtobus harakatlanadi. Elektrobuslarda elektron toʻlov tizimi mavjud.

Shaharda yil oxirigacha elektrobuslar sonini 100 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Yangi transport vositalarini saqlash va ularga xizmat koʻrsatishda qulaylik yaratish maqsadida shaharda dastlabki elektrobus avtoparki tashkil qilinmoqda.

100 ta elektrobusga moʻljallangan zamonaviy avtopark maydoni 3 gektardan ziyod boʻlib, unda mashinalarni kunlik texnik nazoratdan oʻtkazish shoxobchasi, dispetcherlar va mexaniklar uchun maxsus joylar ajratilgan. Avtobuslarni saqlash maydoni yengil karkasli ayvon bilan yopilmoqda. Shu bilan birga, 15 ta quvvatlash uskunalari ham oʻrnatilmoqda. Avtoparkda suv, elektr energiyasi taʼminoti zamonaviy talablar asosida yoʻlga qoʻyiladi. Yaratilayotgan bu qulaylik shaharda yuqori ekologik samarali boʻlgan yoʻlovchi tashish tizimini zamon talablariga muvofiq tashkil etish imkoniyatini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер