Samarqandda dahshat “probka”! Hali bunaqasi boʻlmagan...

Qarshi shahridan avtobusda Toshkentga yoʻl oldik. Avtobus saloni qulay, salqin, jonning rohati. Maza qilib ketayotgan edik, Samarqandga yetganimizda qoʻqqisdan avtobus toʻxtab qoldi. Oʻchib qolgani yoʻq, yurishga yoʻl yoʻq. Hamma tomonni avtomobil bosib ketgan. Dahshat “probka”! Avtobus har minutda bir qadam yurib turibdi. Soat millari 23-30 koʻrsatmoqda. Tun yarmiga yaqinlashganda ham “probka” boʻladimi, deysizmi? Boʻlar ekan. Hamma tomondan signallar yangramoqda, yoʻlovchilar xunob. Shu tariqa Samarqand shahrida bir soat qolib ketdik.
Bir soat qolib ketgan boʻlsangiz, nima qipti, “probka”da bu! Shunga shunchami, deguvchilar ham topilib qolar. Aytib qoʻyay: bu bir soat koʻp narsani hal etadi. Masalan, ishga boruvchilar, belgilanganidan bir soat kech boradimi? Qandaydir vazifalar kech amalga oshiriladimi? Albatta, shunday. Yoki yuk mashinalarining manzilga bir soat kechikib borishi orqali qancha ishchilar bekor turishadi. Non, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini olib borayotgan yuk avtomobili bir soat kechikishi tufayli odamlar shuncha vaqt kutib qoladi. Bir soat avtomobili behuda ishlagani bois, haydovchi qanchadir yoqilgʻini isrof qiladi. Buyam iqtisodiyotimizga katta zarar. Eng yomoni esa shu bir soatda Samarqand osmoniga qancha zararli gaz chiqib, ekologiyani bulgʻaydi. Demak tirbandlik ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizga ancha-muncha salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Faqat bunga biz eʼtibor qaratmayapmiz, tahlil qilmayapmiz, xolos.
Oʻzbekistonda avtomobil sanoati jadal rivojlanib bormoqda. Oʻzimizning avtomobillarni xarid qilgan qanchadan-qancha oilalar oʻzini baxtli hisoblamoqda. Bu yaxshi. Ammo avtomobil ishlab chiqarish surʼati oshgani sayin avtomashinalar yoʻllarga sigʻmay boryapti. Qancha avtomobil ishlab chiqarilgan boʻlsa, shunga yarasha yoʻllar infratuzilmasini ham oʻzgartirish kerak, nazarimda. Avtomobil koʻpaygani sayin “probka”lar vaqti ham choʻzilib bormoqda. Bugun Samarqandda bir soat qolib ketgan boʻlsak, oradan yana olti oy yoki bir yil oʻtib, ikki-uch soat qolib ketmasligimizga hech kim kafolat bera olmaydi. Masalan, qator viloyatlar uchun katta chorraha vazifasini bajaruvchi Samarqand shahridan oʻtgan yili bir yilda qancha avtomobil harakatlangan boʻlsa, bu yil ularning soni katta miqdorda oshgani aniq. Bu albatta, tirbandlikni yuzaga keltiradi. Shunday ekan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasini bogʻlab turuvchi bu yoʻl infratuzilmasini qayta oʻrganish, tirbandlikni kamaytirish chora-tadbirlarini koʻrish vaqti allaqachon yetgan.
Koʻpincha biz kunduz kunlari Samarqand shahridagi ana shu serqatnov katta chorrahada tirbandlikning oldini olish uchun davlat avtomobil inspektori yoʻlni boshqarib turganini koʻramiz. Bu vaqtinchalik chora. Tun yarmida-chi? Yoʻlni kim nazorat qiladi? Buning oldini olish uchun ostidan va ustidan avtomobil harakatlanadigan koʻprik qurilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Koʻprik bu juda katta xarajat va uni qurish uchun katta loyiha kerak. Buni yaxshi bilamiz. Ammo tirbandlik hozirgi kunda iqtisodiyotimizga qancha zarar keltirayotganini bir hisoblab koʻrsak, bunday koʻprik nechogʻli ahamiyatga ega ekanini tasavvur qilish qiyin emas.
Tirbandlikdan chiqdik, “xayriyat” dedik. Ammo belgilangan manzilga bir soat kech yetib bordik. Bir soatlik umrimiz behuda ketdi. Eng achinarlisi, uni uni hech narsa bilan toʻldirib boʻlmaydi
Faxriddin BOZOROV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring