Samarqandda CITES CoP20 boshlandi: Markaziy Osiyo yovvoyi tabiatni muhofaza qilishda birlashmoqda
Samarqand 2025-yil 24-noyabrdan 5-dekabrgacha Yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES) ishtirokchi davlatlarining 20-Konferensiyasi (CITES CoP20) ga mezbonlik qilmoqda.
Anjuman doirasidagi ilk panel sessiya “CITES CoP20 konferensiyasining strategik taʼsirini oshirish. Siyosatdan amaliyotga: yovvoyi hayvonlar bilan bogʻliq tartibga solinadigan savdo sohasida monitoring, moliyalashtirish va amaliy choralar” mavzusida boʻlib oʻtdi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston 1997-yildan beri CITES Konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi va Konvensiya ilovalariga kiritilgan qator turlarning vatani sanaladi. Ular qatorida qor qoploni, saygʻoq va kamyob dorivor oʻsimliklar bor. Samarqandda oʻtayotgan konferensiya xalqaro savdo barqarorligi, qonuniyligi va monitoring tizimlarini takomillashtirish, ayniqsa CITES I va II ilovalariga kiruvchi turlar boʻyicha kuzatuv mexanizmlarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlanmoqda.
CITES Kotibiyati, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Oʻzbekiston CoP20 samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator muhim tadbirlarni boshladi. Ularning eng asosiylaridan biri bioxilma-xillikni muhofaza qilishga doir innovatsion moliyaviy yechimlarni ilgari surishga qaratilgan yuqori darajadagi muloqotdir.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov, CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero va UNDPning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ochib berdi.
Panel sessiyasi doirasida “Mintaqadagi bioxilma-xillikni muhofaza qilish boʻyicha innovatsion yechimlar” mavzusida Markaziy Osiyo vazirlari ishtirokida muloqot oʻtkazildi. Unda Qozogʻiston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Niysanbayev, Qirgʻiz Respublikasi tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri oʻrinbosari Almaz Musayev, Tojikiston atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi Bahodur Sheralizoda va Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Charygeldi Babaniyazov ishtirok etdi.
Aziz Abduhakimov nutqida yovvoyi hayvonlar bilan noqonuniy savdo dunyodagi eng katta jinoiy yoʻnalishlardan biri ekanini, giyohvand moddalar, qurol-yarogʻ va odam savdosidan keyin toʻrtinchi oʻrinda turganini taʼkidladi.
— 2024-yilgi hisobotga koʻra, yovvoyi hayvonlar bilan noqonuniy savdo 162 mamlakatda aniqlangan boʻlib, 4000 turdagi oʻsimlik va hayvonlarga taʼsir qilgan, ularning 3250 tasi CITES roʻyxatiga kirgan. Hukumatlar tomonidan 13 milliondan ortiq tovar musodara qilingan, — dedi u. — Bioxilma-xillikni saqlash, xususiy sektor investitsiyalarini ragʻbatlantirish, tabiatga asoslangan turizmni qoʻllab-quvvatlash, atrof-muhit mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha mintaqaviy oʻquv dasturlariga sarmoya kiritish juda zarur. Yaqinda tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) bu boradagi treninglar uchun mezbonlikka tayyor.
Yuqori darajadagi muloqot doirasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida 2026–2032-yillarga moʻljallangan Markaziy Osiyoda yovvoyi fauna va flora resurslaridan barqaror foydalanish, noqonuniy savdoga qarshi kurashish boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi va mintaqaviy hamkorlik rejasi imzolandi.
“Traffic International” bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu hujjat mintaqada bioxilma-xillikka tahdid solayotgan omillar — yashash joylarining yoʻqolishi, iqlim oʻzgarishi, brakonyerlik va noqonuniy savdoga qarshi birgalikda kurashishda mamlakatlarimizning qatʼiy pozitsiyasini aks ettiradi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring