Samarqandda BMT bilan hamkorlikda nufuzli anjuman oʻtkazilmoqda

17:23 16 Oktyabr 2021 Iqtisodiyot
946 0

Arxiv surat

Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi: milliy va global omillar” mavzuida III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi.

Mazkur nufuzli anjuman BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda Qurgʻoqchil hududlarda qishloq xoʻjaligi boʻyicha tadqiqotlar olib boruvchi xalqaro markaz (IKARDA) bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda.

Mazkur anjumanga xalqaro miqyosda qiziqish kuchayib, anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgani bejiz emas, albatta. Avvalo, u “Xalqaro oziq-ovqat kuni” keng nishonlanadigan bir paytda tashkil etilgani tufayli butun dunyoda dolzarb masalaga aylangan oziq-ovqat xavfsizligining yangi omil va tahdidlarini keng muhokama qilish imkonini beryapti.

Shu oʻrinda aytish joizki, 1980-yilning 5-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 35-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, 16-oktyabr “Xalqaro oziq-ovqat kuni” deb eʼlon qilingan. Shundan buyon ushbu sana milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda keng nishonlab kelinadi.

Oziq-ovqat xavfsizligi juda keng tushuncha boʻlib, u avvalo, aholi ehtiyojini fiziologik meʼyorlarga mos ravishda isteʼmol tovarlari bilan taʼminlashni nazarda tutadi. Biroq keyingi paytda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining oʻsishi aholi soni va ehtiyojlarining ortishidan orqada qolmoqda. Boz ustiga, qishloq xoʻjaligi hamda qayta ishlash sanoati rivoji uchun yetarli sharoit mavjud boʻlmagan mamlakatlarda muammo tobora chuqurlashib borayotir. Shu bois mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Prezidentimizning “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi kabi qator Farmon va qarorlari qabul qilinib, ularning izchil ijrosi taʼminlanyapti.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida ushbu masalaga toʻxtalib, jumladan, shunday degan edi: “Umuman, xalqimiz xotirjam boʻlishi kerak: sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz yetkazib berish hamda narx-navo barqarorligini taʼminlash ishlariga ustuvor darajada eʼtibor qaratiladi. Buning uchun Hukumat va hokimliklar tomonidan barcha choralar koʻriladi hamda bu masala Prezidentning doimiy nazoratida boʻladi”.

Darhaqiqat, yurtimizda amalga oshirilayotgan oqilona agrosiyosat natijasida pandemiya, tabiat injiqliklari va suv taqchilligiga qaramasdan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmi yil sayin oshmoqda. Ichki bozor yuqori sifatli, vitaminlarga boy neʼmatlar bilan toʻldirilishi barobarida, eksport hajmi ham ortib borayotgani diqqatga sazovor.

Qoʻlga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar omillari haqida soʻz borganda, Oʻzbekiston Prezidentining gʻoyasi asosida qishloq xoʻjaligining barcha tarmogʻida klaster usuli keng joriy qilingani yuqori natijalar berayotganini ekspertlar alohida eʼtirof etmoqda. Shu bois ham bu yilgi konferensiya dasturida klaster usuliga keng oʻrin berilyapti. Yaʼni yalpi majlisda “Klaster tizimi — oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning asosi” mavzuidagi maʼruzada Oʻzbekistonning ushbu yoʻnalishdagi tajribasi, innovatsion usulning afzalliklari, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi roli, shuningdek, eksport hajmini oshirishdagi imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot beriladi.

Aytish joizki, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga ham jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Joriy yildan eʼtiboran Samarqand davlat universitetida oziq-ovqat yoʻnalishi boʻyicha talabalar oʻqishga qabul qilingani ana shu saʼy-harakatlar samarasidir. Bundan tashqari, kelgusida oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti hamda oziq-ovqat xavfsizligi ilmiy markazi ochilishi rejalashtirilgan.

Umuman olganda, ikki kun davom etadigan xalqaro anjuman kundaligi nihoyatda rang-barang boʻlib, u jahon hamjamiyatini yurtimiz va xorijlik taniqli olimlarning ushbu yoʻnalishdagi eng soʻnggi ilmiy yangiliklari bilan tanishtirish, real muammolar yechimiga qaratilgan ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishni jadallashtirishga xizmat qilishi bilan eʼtiborga molik.

Xudoyor KELDIYOROV, Samarqand davlat universitetining biologiya fakulteti dekani,
professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер