Samarqandda barcha saylov uchastkasi xavfsizlik va sanitariya talablariga javob beradimi?

11:31 13 Oktyabr 2021 Jamiyat
492 0

Foto: Abdulaziz Yo'ldoshev / Xalq so'zi

Tobora yaqinlashayotgan mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy tadbir – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni Samarqand viloyatidagi mavjud 1111 ta saylov uchastkalari xavfsizlik va sanitariya talablari nuqtayi nazaridan shay holatda boʻladimi? Aholi salomatligini muhofaza qilish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash uchun sohaviy xizmatlar tomonidan zarur chora-tadbirlar yakuniga yetkazilganmi?

7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev boshqargan yigʻilishda viloyat sogʻliqni saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi, ichki ishlar, milliy gvardiya boshqarmalari hamda boshqa masʼullarning ayni masala yuzasidan axborotlari eshitildi.

Taʼkidlanishicha, saylov komissiyalari joylashgan binolar, jumladan, ovoz berish xonalarini dezinfeksiya qilish uchun sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va uning tuman (shahar) boʻlimlarida 33 ta brigada tashkil etildi. Ular saylovdan bir kun oldin barcha uchastkada dezinfeksiya ishlarini amalga oshiradi. Uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining 13 ming 974 nafari koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina bilan emlangan. Shunday boʻlsa-da, epidemiologik vaziyat tufayli saylov komissiyalari aʼzolarini koronavirus infeksiyasiga tekshirish uchun PSR laboratoriyalari xizmati yoʻlga qoʻyildi.

Majlisda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tavsiyasiga koʻra, ayrim uchastka saylov komissiyalari tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida okrug saylov komissiyasining qarori qabul qilindi. Shuningdek, 14-oktyabr kunidan boshlanadigan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining qarorlarida belgilangan tartibda oʻtkazish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

- Saylov kodeksining 57-moddasiga koʻra, muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida boshlanadi va uch kun qolganida tugallanadi, - deydi okrug saylov komissiyasi aʼzosi Nargiza Kenjayeva. - Markaziy saylov komissiyasi tegishli qaroriga koʻra, muddatidan oldin ovoz berish 2021-yil 14-oktyabr kuni boshlanib, 2021-yil 20-oktyabrning yakuniga qadar oʻtkaziladi. Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar deb belgilandi. Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalariga, okrug saylov komissiyalari esa oʻz navbatida uchastka saylov komissiyalariga saylovchilar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdorida saylov byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlari, shuningdek, shaxsiy himoya va dezinfeksiya vositalari yetkazib berilishini taʼminladi.

Yigʻilishdan soʻng matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbir doirasida viloyatdagi 94 nafar jurnalist va blogerga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnoma topshirildi.

A. Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?