Samarqandda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish va uni rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi

12:11 05 Dekabr 2024 Siyosat
242 0

Foto: Yunus Bo‘riyev, Haqberdi Asqarov / «Xalq so‘zi»

Samarqanddagi Buyuk Ipak Yo‘li Xalqaro turizm markazida “Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusida Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi tashkilotchiligida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirda Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) mamlakatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo, Rossiya, Yaqin Sharq, Yevropa Ittifoqi va AQSH mamlakatlarining yetakchi mutaxassislari hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) va Xalqaro atom energiyasi assosiatsiyasi (WNA) ekspertlari ishtirok etmoqda.

Konferensiya avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro forum qatnashchilariga tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Ochilish marosimida, shuningdek, Xalqaro atom energiyasi agentligi Bosh direktori Rafael Grossi atom energetikasidan foydalanish istiqbollari yuzasidan chiqish qildi.

Qayd etilganidek, tadbir atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishga oid asosiy masalalar va imkoniyatlarni muhokama qilish, milliy va xalqaro darajadagi ekspertlar o‘rtasida tajriba hamda bilim almashish uchun muhim platforma bo‘lib, o‘z navbatida IHTga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishiga yordam beradi.

Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan, kichik quvvatli atom elektr stansiyalari (KQAS) qurilishini qonunchilik va institusional tartibga solish, ekspluatatsiya xavfsizligi va atom energiyasidan turli sohalarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy masalalarni muhokama qilish kun tartibidagi dolzarb mavzulardan biridir.

Konferensiya davomida ishtirokchilar tajriba va bilim almashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, atom sanoatini qonuniy tartibga solish, ijtimoiy, ekologik va xavfsizlikning turli jihatlari, yadroviy texnologiyalarni tinch maqsadlarda rivojlantirish, kadrlar tayyorlashning turli masalalarini ko‘rib chiqadilar.

Ushbu tadbir beshta panel sessiyani o‘z ichiga olgan, ularning har biri yadro energetikasining dolzarb jihatlariga qaratilgan.

Abdulaziz YO‘LDOSHYeV

(Xalq so‘zi)

Foto: Yunus Bo‘riyev, Haqberdi Asqarov / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?